Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Amirsoy» kurort zonasida 700 tup atrofidagi qimmatbaxo daraxtlarni kesib tashlagani haqida deputat Rasul Kusherbayev xabar bergan edi. U ushbu holatni «hech narsa bilan oqlab bo‘lmasligini» ta’kidlagan edi. «Shuncha gapdan keyin ham har xil baxonalar bilan daraxtkesarlik davom etmoqda. Buncha katta „dux“ qayerdan paydo bo‘ldi?», — yozgan edi deputat.

Bosh prokuratura mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Kun.uz ma’lumotlariga ko‘ra, 15 iyun kuni Bo‘stonliq tumanidagi «Amirsoy» qo‘shma korxonasiga tegishli kurort zonasi hududini va unga olib boruvni yo‘lni kengaytirish maqsadida 700 tup daraxt nobud qilingan. Daraxt kesilishi holati bo‘yicha Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan barcha kerakli hujjatlar to‘planib, huquqiy baho berish va yetkazilgan zararni undirish choralarini ko‘rishni so‘rab 2021 yil 30 iyun kuni viloyat prokuroriga taqdim etilgan.

Foto: Kun.uz

Nashr qayd etishiga ko‘ra, kesib tashlangan 125 tup daraxt uchun tabiatga 141 mln so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan, shuningdek, hukumat qarori bilan belgilangan tartibda zarar 5 baravarga hisoblanib, jami 705 mln so‘m undirilishi belgilangan. Ildizi bilan qo‘porilib, bekitish maqsad qilingan 575 tup daraxt bo‘yicha yetkazilgan zarar 253 mln ekani aniqlangan va ushbu summa ham beshga ko‘paytirilib, jami 1 mlrd 265 mln so‘m undirilishi belgilangan. 700 tup daraxt uchun jami yetkazilgan zarar 394 mln so‘m bo‘lsa, qonunga muvofiq undirilishi lozim bo‘lgan summa jami zarar 1 mlrd 970 mln so‘m qilib belgilangan.

Avvalroq, Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida 160 tupdan oshiq tut daraxti kesib tashlangan va tutzor bog‘ o‘rnida qurilish boshlangani haqida xabar bergan edik.

Avgustda prezident Shavkat Mirziyoyev daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytiriladi va javobgarlik keskin kuchaytirilishi haqida ma’lum qilgan. Shuningdek, Toshkent shahri va viloyat markazlarida ekologiya politsiyasi tashkil etilishi haqida aytilgan. sentabr oyi avvalida Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturida daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilinishi haqida ma’lum qilgandi.