14 sentabr kuni Qalampir.uz sayti Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida 160 tupdan ortiq tut daraxti qo‘porilib, o‘rnida qurilish boshlanganini ma’lum qildi. Mazkur holat bo‘yicha «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 13 sentabrdan 14 sentabrga o‘tar kechasi Sho‘rchi tumani Obodon hududi M41 Bishkek-Dushanbe-Termiz xalqaro avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan 4 gektarlik tutzordan 160 tupdan oshiq tut daraxti noma’lum shaxslar tomonidan kesilib, tomiri bilan qo‘porib olingan. Tut daraxtlarining o‘rnida 14 sentabr erta tongdan qurilish ishlari boshlangan. Uzunligi 40 metr, eniga 18 metr bo‘lgan yirik binoning poydevori qurilishida 8−10 nafar kishi ishlab turgan.

Holat yuzasidan ishchi guruh tomonidan tegishli tartibda dalolatnoma tuzilib, «O‘zbekipaksanoat» uyushmasiga taqdim etilgan. Dalolatnomaga ko‘ra, Sho‘rchi tuman Kadastr agentligi ushbu hudud haqiqatan «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tizimidagi «Sho‘rchi Tayyorlov Agropilla» MCHJning balansida ekanligini tasdiqlagani ko‘rsatilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hudud qurilish ishlarini boshlagan «Oltin uchburchak» loyihasi rahbari Dilorom O‘rolovaga Sho‘rchi tumani hokimining 8 apreldagi qarori bilan avtobus bekati va sanitariya-gigenik (maishiy xizmat ko‘rsatish) shahobchasi qurish uchun ajratib berilgan.

Qarorda Obodon hududidagi tutzor maydoni Sho‘rchi tumani xokimligi balansiga «Sho‘rchi Tayyorlov Agropilla» MCHJning 29 martdagi xatiga asosan qaytarilgani ko‘rsatilgan. Aniqlanishicha, kompaniya tomonidan ushbu tutzorning Sho‘rchi tumani xokimligi balansiga qaytarilishi to‘g‘risida hech qanday xat chiqarilmagan.

Ishchi guruhinining o‘rganish xulosalari asosida Sho‘rchi tumani prokuroriga bildirish xati bilan chiqilgan va hududda qurilish ishlari to‘liq to‘xtatilganligi aytildi.

Qayd etilishicha, «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi olingan xulosalar asosida ushbu noqonuniy qilingan hatti-harakatlar yuzasidan surishtiruv olib borish va ushbu jinoyatning asl sababchilarini aniqlash maqsadida 14 sentabr kuni Bosh prokuratura hamda Ekologiya va atrof-muhitni muxofaza qilish davlat qo‘mitasiga xat kiritgan.

Avgust oyining oxirida prezident topshirig‘iga bilan daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytiriladi va javobgarlik keskin kuchaytirilishi haqida xabar berilgan edi. Senyatrb oyi avvalida Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturida daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilinishi haqida ma’lum qilgandi.