14 sentabr kuni prezidentning «Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi. Farmon nusxasi «Gazeta.uz»da mavjud.

Farmon ayrim shartnomalarni tuzishda o‘rnatilgan sun’iy cheklovlarni olib tashlash va shartnomaviy munosabatlarda axborot tizimlaridan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishni ko‘zda tutadi.

Xususan, farmonga muvofiq, 2021 yil 1 dekabrdan quyidagi amaliyotlar bekor qilinadi:

  • banklarga yetkazilgan mahsulot uchun to‘lovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qo‘yilgan taqiq;
  • davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mahsulotlarni yetkazib berish to‘g‘risida tuziladigan shartnomalarida to‘lovni oldindan belgilashga doir talab;
  • qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari o‘rtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni belgilashga doir talab.

Ta’kidlanishicha, yuqorida nazarda tutilgan holatlarda oldindan to‘lov va avans tomonlarning kelishuviga muvofiq belgilanadi.

Farmonda jismoniy shaxslarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valyutasida o‘zaro qarz berish va qaytarib olishga ruxsat berilishi belgilangan.

Shuningdek, farmonga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan shartnomaviy munosabatlarning quyidagicha tartibi amal qiladi:

  • sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn auksionda sotuvga qo‘yilgan mol-mulk uni sotishdan tushgan pul mablag‘lari hisobidan auksion g‘olibiga qarzlarsiz va taqiqlardan yechilgan holda topshiriladi. Sotilgan mol-mulk auksion obyektining ko‘rsatilgan tavsiflariga mos kelmagan yoki mol-mulk auksionda sotilgungacha uchinchi shaxs tasarrufiga o‘tib ketgani auksiondan so‘ng aniqlangan hollarda holibga zakalat puli murojaat qilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida qaytarib beriladi.
  • shartnoma tarafi ikkinchi tarafdan shartnoma majburiyatlarini bajarishni qabul qilganda, uni keyinchalik haqiqiy emas deb topishni talab qilishga haqli emas;
  • davlat xaridlari bilan bog‘liq tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlar belgilanadi;
  • tadbirkorlar soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘lamaganda, soliq yoki bojxona organlari bankka qarzdorlikka teng pulni muzlatib qo‘yish va uni 30 kundan so‘ng undirish to‘g‘risida farmoyish yuboradi va bu haqda to‘lovchini xabardor qiladi;
  • kommunal, energiya, aloqa xizmatlari, yo‘lovchi va yuklarni tashishga oid tabiiy monopoliyalar ishlab chiqqan shartnomalar monopoliyaga qarshi kurashish organi bilan kelishiladi.

Farmonga muvofiq, elektron savdo maydonchalari orqali mahsulotlar oldi-sotdi qilinganda va boshqa bitimlar tuzishda eskrou tizimi joriy etiladi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston hukumati bilan tuziladigan energetika, kon-metallurgiya, aloqa sohasidagi investitsiya shartnomasi loyihalarini ishlab chiqish va kelishish bosqichida yetakchi xalqaro konsalting va yuridik kompaniyalar jalb etiladi.

2022−2023 o‘quv yilidan boshlab OTMda o‘qitish bo‘yicha shartnomalar elektron shaklda tuziladi.

Bundan tashqari, farmonda xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan shartnomalar tuzishda qo‘llash uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlar ishlab chiqilishi va shartnomalar namunalari «yurxizmat.uz» maxsus axborot portaliga joylashtirilishi belgilangan.