11 yil davomida Andijon viloyatini boshqargan Qobiljon Obidovga prezident farmoniga asosan «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni va «Oltin yulduz» medali qaytarib berildi, deb xabar bermoqda «Daryo».

Qobiljon Obidov 1951 yilda Qo‘rg‘ontepa tumanida tug‘ilgan bo‘lib, 1972 yilda Andijon paxtachilik institutining Gidromelioratsiya fakultetini tamomlagan. Turli yillarda qurilish trestining ish boshqaruvchisi, yordamchi korxonalar boshqarmasi boshlig‘i, texnologik jamlashtirish boshqarmasi bosh muhandisi, trest boshqaruvchisi vazifalarida ishlagan.

1988−1993 yillarda Marhamat tumani hamda Andijon shahriga rahbarlik qilgan. 1993−1996, 1997−2004 yillarda Andijon viloyatini boshqargan. 1996 yildan 1997 yilga qadar bosh vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

Qobiljon Obidov 1995 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni, 1998 yilda esa «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan mukofotlangan.

2004 yilda uning «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni «noma’lum sabablarga ko‘ra» qaytarib olingan. Xorijiy OAVlarda unvon uning o‘g‘li bilan bog‘liq jinoyat ishi ortidan qaytarib olingani ta’kidlanadi, deb qayd etdi «Daryo».

Mustaqillikning 30 yilligi arafasida Qobiljon Obidovga Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni hamda «Oltin yulduz» medali qaytarib berildi.