13 sentabr kuni Qirg‘izistonning O‘sh shahrida joylashgan Bobur nomidagi O‘sh akademik o‘zbek musiqali drama teatrining to‘liq rekonstruksiyasi boshlandi, deb xabar berdi shahar meriyasi matbuot xizmati.

Shahar ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, teatrni rekonstruksiya qilish O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida xalqaro ikki tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha erishilgan kelishuvlarga muvofiq boshlangan.

Rekonstruksiya loyihasi. Foto: O‘sh meriyasi

Teatr rekonstruksiyasini yakunlash kelasi yilning boshiga rejalashtirilgan. Ishning umumiy qiymati 5 mln dollarni tashkil etadi. Kloop O‘zbekiston loyihani moliyalashtirishini qayd etmoqda.

Teatrning 100 yilligi sharafiga kapital ta’mirlash rejalashtirilgan edi. Ushbu qaror Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida qabul qilingan. Yubiley 2018 yil oktabr oyida nishonlanishi kerak edi, lekin uch yil oldin tadbir ko‘chirildi, chunki teatr ta’mirlashga muhtoj edi, deb yozadi nashr.

Rekonstruksiya loyihasi. Foto: O‘sh meriyasi

Taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, teatr binosi to‘liq ta’mirlanadi.

Bobur nomidagi O‘sh Davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatri O‘rta Osiyodagi eng qadimgi professional teatrlardan biri. U 1914 yilda Rahmonberdi Madazimov tomonidan tashkil etilgan. 1992 yilda Qirg‘iziston mustaqillikka erishgach, teatr Boburiylar sulolasi va imperiyasi asoschisi Zaxiriddin Muhammad Bobur sharafiga qayta nomlandi. Undan oldin u inqilobchi Sergey Kirov nomida bo‘lgan. Teatr 480 nafar tomoshabinga mo‘ljallangan.

O‘tgan yillar mobaynida jamoa o‘zbek, rus, tojik, qirg‘iz va jahon klassiklarining eng mashhur asarlari hamda jahon xalqlarining zamonaviy dramasi bo‘yicha 600 dan ortiq spektakllarni sahnalashtirdi.