Surxondaryo, Andijon, Samarqand va Xorazm viloyatlari hokimlari Olimpiya va Paralimpiya sovrindorlarini mukofotlashdi.

13 sentabr kuni Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi maydonda paralimpiya ishtirokchilari va g‘olibini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Tokio paralimpiadasi o‘yinlarida yengil atletika musobaqasining F41 klassida yadro uloqtirish bahslarida ishtirok etgan Boburjon Omonov 14,6 metr natijani qayd etib, olimpiada chempionligini qo‘lga kiritgan edi. Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Boburjon Omonovga Andijon shahrida qad rostlagan 16 qavatli yangi uyning 2 xonali kvartirasi kalitini tantanali ravishda topshirdi. Kun.uz ma’lumotiga ko‘ra, uning murabbiyiga 50 mln so‘m pul mukofoti ham topshirilgan.

Samarqand shahrida ham Tokioda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari g‘oliblari va ishtirokchilarini taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati.

Unda Paralimpiya chempioni Husniddin Norbekovga Samarqand shahridan uch xonali, Paralimpiya o‘yinlari kumush medal sohibi Parvina Samandarova hamda dzyudo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari bronza medali sovrindori Davlat Bobonovga esa ikki xonali uyning kaliti topshirildi.

Shuningdek, Olimpiya o‘yinlarida qatnashish uchun litsenziyani qo‘lga kiritgan sportchilarga Samarqand shahridan boshlang‘ich to‘lovi to‘langan ikki xonali uy (kvartira) hamda ularning murabbiylariga tashakkurnoma va 25 million so‘mdan mukofot puli berildi.

Xorazm viloyatida ham XVI Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan sportchilarni o‘z viloyatlarida tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Bog‘otlik paradzyudochi Uchqun Quronboyevga (Paralimpiya chempioni) va shovotlik para pauerliftingchi Ro‘za Qo‘ziyevaga (Paralimpiya o‘yinlari kumush medali sohibi) 2 xonali hamda bog‘otlik paradzyudochi Nafisa Sharipboyevaga (Paralimpiya o‘yinlarida bronza medali sohibi) 1 xonali uylar topshirildi.

Shuningdek, 19 avgust kuni Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Tokio Olimpiadasining oltin medali sovrindori Bahodir Jalolovga Skoda Kodiaq avtomobilini sovg‘a qilgan edi.


Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi.

Eslatib o‘tamiz, Olimpiya o‘yinlarida oltin medal olgan sportchilar — Bahodir Jalolov (boks), Ulug‘bek Rashitov (taekvondo) va Akbar Jo‘rayev (og‘ir atletika)ga 4 sotixli 3 xonali kottedj va Tahoe mashinasi topshirilgan edi. Shuningdek, prezident farmoni bilan ularning har biriga 200 ming AQSh dollari mukofot puli berilgan.

Shuningdek, bronza medali sohiblari — Davlat Bobonov (dzyudo) va Bekzod Abdurahmonov (erkin kurash)ga 2 xonali uy va Traiblazer avtomobillari berilgan. Ushbu sportchilarga prezident farmoni bilan 50 ming AQSh dollaridan pul mukofoti topshirilgan.

Paralimpiya o‘yinlari g‘oliblariga prezident sovg‘alari — oltin medal egalariga Tahoe avtomobili va Toshkent shahridan 3 xonali uy, kumush medal egasiga Traverse avtomobili va 2 xonali uy, shuningdek bronza medal egalariga Traiblazer avtomobili va 1 xonali uy kalitlari topshirilgan.

Shuningdek, prezident qaroriga ko‘ra, Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan O‘zbekiston sportchilariga ham oltin medal uchun 200 ming, kumush medal uchun 100 ming va bronza medal uchun 50 ming AQSh dollari berilgan.