18 iyun kuni soat 13:10da Farg‘ona shahar, Oqarik ko‘chasida ikkita avtomashina ishtirokida sodir bo‘lgan YTH ikki mashina egalarining katta janjaliga aylanib ketgan. Bu haqda IIV axborot xizmatining «Kriminal» ko‘rsatuvida xabar berildi.

Qayd etilishicha, bir joyda ko‘rishib o‘zaro orani ochiq qilib olishga kelishgan ikki tarafdan yigirmaga yaqin yosh yigitlar «Taraqqiyot-2001» MCHJ hovlisida to‘plangan. Janjal boshlangan vaqtda hodisa ishtirokchilari vaziyatdan xabardor bo‘lgan Farg‘ona viloyati IIB JQB, TVBSO, DXX va Milliy gvardiya boshqarmasi harbiy qismi hamda Farg‘ona shahar bo‘yicha IIO FMB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Ma’lum qilinishicha, voqea joyidan ko‘plab o‘tkir tig‘li jismlar, pichoq va qilichlar, tan jarohati yetkazishi mumkin bo‘lgan buyumlar, giyohvandlik vositalari olingan. Ko‘rilgan chora tadbirlar natijasida hech kim shikastlanmagan. 8 nafar shaxs protsessual tartibda ushlangan, 9 nafar shaxslar 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortilgan.

Holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIO FMB TB tomonidan JKning 277-moddasi 3-qismi «b» bandi (o‘qotar qurolni namoyish qilib, uni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoki qo‘llab bezorilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

IIV matbuot xizmatining xabar berishicha, o‘tgan 7 oy davomida IIO xodimlari tomonidan olib borilgan profilaktik va tezkor tadbirlar natijasida sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan ko‘plab buyumlar olingan. Jumladan 13 422 ta pichoq, 145 ta kastet suriken, 281 to‘qmoq bita, 330 ta boshqa xavfli buyumlarni olib yurgan shaxslar aniqlangan.

«Profilaktik tadbirlar natijasida og‘ir oqibatga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldi olinmoqda», — deyiladi xabarda.