Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan 26 sentabr Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni etib belgilandi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Bu haqda «Huquqiy axborot» Telegram-kanali xabar berdi.

Avvalroq, Senat yalpi majlisida Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risidagi qonun loyihasi ma’qullangan edi.

Mazkur qonunda 26 sentabr kunini O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni sifatida belgilash nazarda tutilgan.

2018 yil 2 oktabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, oldinroq DXX kasb bayrami 5 aprel kuni nishonlanar edi.

Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni o‘rganish Davlat xavfsizlik xizmatining tarixi aslida O‘zbekiston prezidentining 1991 yil 26 sentabrda qabul qilingan PF-265-sonli farmoniga borib taqalishi ko‘rsatadi, deyiladi Senat xabarida.

«Bugungi kunda 5 aprel sanasini Davlat xavfsizlik xizmati kuni sifatida nishonlash (Xizmatning 30 yilligi) xavfsizlik idoralarining faoliyat yuritishini hisoblashda qarama-qarshilikni keltirib chiqarmoqda. Chunki o‘tgan yillar davomida (2006, 2011 va 2016 yillar) xizmatning tantanali yubileylariga Davlat xavfsizlik xizmatining xorijiy hamkorlari taklif etilib, ularga esdalik nishonlari topshirilgan. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayrami nishonlanganidan so‘ng, 26 sentabr kuni Davlat xavfsizlik xizmatining 30 yilligini o‘tkazish mantiqan to‘g‘ri hisoblanadi», — deya ta’kidlangan bayonotda.

Xabarga ko‘ra, «mazkur qonunning ma’qullanishi Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining ma’naviy-ruhiy kayfiyatini, xizmat uchun faxr tuyg‘usi yanada kuchayishi, avlodlar o‘rtasida ustoz-shogird an’analari saqlanib qolishi, xizmatning faxriylariga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, shuningdek, xorijiy hamkorlar o‘rtasida davlat xavfsizlik idoralari imijini mustahkamlash imkonini beradi».