Janubiy Koreya 2050 yilga kelib plastik chiqindilaridan voz kechishni rejalashtirmoqda

Koreya Respublikasi plastik chiqindilarini 2030 yilga kelib 60 foizga, 2050 yilga kelib esa 100 foizga kamaytiradi. Bu haqda TASS mamlakat prezidenti Mun Chje Inning so‘zlariga tayanib xabar bermoqda.

«Plastik tabiatda taxminan 450 yilda parchalanadi, mikroplastik esa nafaqat dengiz hayotiga, balki inson salomatligiga ham tahdid soladi. Janubiy Koreya Jahon okeanini ifloslantiruvchi plastik chiqindilar muammosini hal qilishda xalqaro hamkorlikni kuchaytiradi», — deya ta’kidladi Mun Chje In. «Koreya Respublikasi 2030 yilga kelib bunday chiqindilarni 60 foizga kamaytiradi, asr o‘rtalariga kelib uning miqdorini nolga yetkazadi», deb qo‘shimcha qildi u.


2021 yilda tabiiy ofatlardan AQShga yetkazilgan zarar 100 mlrd dollardan oshadi — Bayden

AQSh prezidenti Jo Bayden Koloradoda so‘zlagan nutqida mamlakatda tabiiy ofatlar natijasida yetkazilgan zarar rekord darajadagi 100 mlrd dollardan oshishini aytdi. «Tabiiy ofatlar o‘tgan yili Amerikaga 99 mlrd dollarga tushdi. Bu yil rekord yangilanadi, 100 mlrd dollardan oshadi», — deya keltiradi Oq uy matbuot xizmati prezidentning so‘zlarini.

«Kecha men Kaliforniyadagi Kaldorning (o‘rmon yong‘ini) halokatli oqibatlarini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim. So‘nggi ikki hafta mobaynida men Luiziana, Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlariga bordim. Biz guvoh bo‘lgan tabiiy ofatlar tez-tez ro‘y beradi va bundan ham yiriqroq bo‘ladi. Yil boshidan buyon mamlakat bo‘ylab 44 mingta o‘rmon yong‘ini sodir bo‘lgan, natijada 2,2 mln gektardan ortiq maydon yonib ketdi. Bu milliardlab dollarlik zarar va o‘n minglab odamlarni evakuatsiya qilishga olib keldi», — dedi Bayden.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga iqlim o‘zgarishi sabab bo‘lgan. «Iqlim o‘zgarishiga nima sabab bo‘ladi? Inson faoliyati. Biz iqlim o‘zgarishi ta’siriga chidamli bo‘lish uchun sarmoya kiritishimiz kerak. Biz, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qo‘shgan hissamizni sekinlashtiradigan sarmoyalarni ertaga emas, bugun kiritishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qildi AQSh rahbari.


Afg‘onistonning futbol bo‘yicha ayollar jamoasi «Tolibon» taqiqidan so‘ng Pokistonga ko‘chib o‘tdi

Bu haqda Interfaks «Sabah» nashriga tayanib xabar bermoqda. «Biz Afg‘oniston ayollar futbol jamoasini qutlaymiz, ular „Torkham“ nazorat-o‘tkazish punktiga yetib kelishdi», deya keltiradi nashr Pokiston axborot vaziri Favod Chaudrining so‘zlarini.

Avvalroq «Tolibon»ning madaniyat bo‘yicha komissiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Ahmadulloh Vasik ayollar, jumladan, terma jamoalar sportchilari Afg‘onistonda sport bilan shug‘ullana olmasligini aytgandi.

Bundan tashqari:

  • AQSh hukumati afg‘onlarni qizamiqqa qarshi emlash jarayoni tugamaguncha to‘xtatilgan evakuatsiyani qayta tiklamaydi, deya ma’lum qildi Vashington ma’muriyati vakili. Ta’kidlanishicha, afg‘onlarning evakuatsiyasi ular orasida kamida oltita qizamiq holati aniqlangani sababli to‘xtatilgan edi. Hozirda ular amerikalik mutaxassislar tomonidan emlanmoqda. «Vaksinatsiya dam olish kunlari oxirigacha yakunlanishi» kutilmoqda.

Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon ikkita ballistik raketa uchirdi

Bu haqda «Ryonxap» Janubiy Koreya Bosh shtab boshliqlari qo‘mitasiga tayanib xabar bermoqda. Ta’kidlanishicha, chorshanba kuni tushdan keyin noma’lum turdagi raketalar Shimoliy markaziy ichki qismidan uchirilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, raketalar taxminan 800 km uzoqlikka uchib, balandligi eng yuqori nuqtada 60 kmni tashkil qilgan.

Shimoliy Koreya raketalari Yaponiya iqtisodiy zonasi doirasida Yapon dengiziga tushgani haqida aytilmoqda. Yaponiya hukumati diplomatik kanallar orqali KXDRga shu munosabat bilan norozilik bildirdi.

Koreya Respublikasi yaqin orada Milliy xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkaziladi. Hozirda mamlakat AQSh harbiylari bilan birgalikda uchirilish tafsilotlarini tahlil qilmoqda.

Shu bilan birga, Shimoliy Koreya, Seuldan Pxenyan haqida «noo‘rin» bayonotlar eshitilgan taqdirda, Janubiy Koreya bilan aloqalar uzilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. KXDR rahbarining singlisi va Koreya ishchilar partiyasi markaziy qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Kim Yo Chjongning aytishicha, Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje Inning «mamlakat yangi raketalarining KXDRga yetish imkoniyatlari haqidagi fikrlari mantiqsiz va afsuslanarli». Uning so‘zlariga ko‘ra, «Mun Chje In Shimoliy obro‘siga putur yetkazishni davom etaversa, munosabatlar uzilishiga» olib kelishi mumkin.


Shuningdek:

  • Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari respublikaning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevga nisbatan yana ikkita ayblov — Bishkekda tartibsizliklar uyushtirish va o‘tgan yilning oktabr oyi boshlarida hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishga urinish ayblovlarini ilgari surishdi.
  • Fransiyaning janubidagi Nim va Monpele shaharlari orasidagi hududda kuchli yomg‘ir tufayli uylar va yo‘llarni suv bosdi. Yuzlab odamlar evakuatsiya qilindi.