Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YAIDXP) avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirish) ruxsatnoma olish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Avvalroq, 1 oktabrdan avtotransportlar oynalarining tusini o‘zgartirishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmati faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilishi haqida xabar bergan edik.

YAIDXP orqali ruxsatnoma olish narxi belgilangan miqdorning 90 foizini tashkil qiladi. Masalan, orqa oynalarni qoraytirish jismoniy shaxslarga 5 emas, balki 4.5 BXM etib belgilandi (1,35 mln so‘m o‘rniga 1,215 mln). To‘liq qoraytirish (old va orqa yon oynalar) 50 emas, 45 BXM (13,5 mln so‘m o‘rniga 12,15 mln) bo‘ladi.

Ruxsatnoma — QR- kodli elektron sertifikat to‘lov amalga oshirilgan paytdan boshlab 2 soat ichida beriladi. Uni elektron va qog‘oz shaklda taqdim etish mumkin. Avval, avtomobil oynasiga stiker yopishtirish talab qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 1 sentabrdan haydovchilardan avtomototransportni boshqarish uchun ishonchnoma, texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot va «tonirovka» ruxsatnomasini talab etish tartibi bekor qilingan edi.