Seshanba kuni O‘zbekiston Afg‘onistonga 1,3 ming tonnalik insonparvarlik yukini yuborganligi haqida xabar berilgan edi. O‘z ichiga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va kiyim-kechaklarni olgan ushbu gumanitar yordam muhtoj afg‘on oilalariga tarqatiladi.

Surxondaryo viloyati hokimligi ushbu yuklarni afg‘on tomoniga insonparvarlik yordamini topshirish marosimidan fotoreportajni e’lon qildi.


«Un, yog‘, go‘sht, guruch va boshqa birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, tibbiy buyumlar va bolalar trikotaj mahsulotlaridan iborat insonparvarlik yordami 25 ta vagondan iborat ezgulik poyezdida Afg‘oniston Islom Amirligiga yetkazib berildi», — deyiladi hokimlik xabarida.

«Hayraton — Mozori Sharif» temir yo‘li «Hayraton» stansiyasida bo‘lib o‘tgan marosimda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, Afg‘oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid, Balx viloyati gubernatori Qudratillo Abu Hamza va boshqa rasmiylar ishtirok etishdi.


O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev va Afg‘oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid.


Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov va Afg‘oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid.

Shundan so‘ng «Astras» rossiya-afg‘on kompaniyasining qabullar uyida rasmiy marosim tashkil etildi. Tomonlar ikkala mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, chegara hududlaridagi savdoni rivojlantirish, Surxondaryo viloyati va Balx provinsiyasi o‘rtasidagi qo‘shma ishchi komissiyaning faoliyatini davom ettirish bo‘yicha kelishib olishdi.

Afg‘oniston tomoni afg‘on xalqiga ko‘mak ko‘rsatish chaqiruviga O‘zbekiston prezidentining birinchilardan bo‘lib e’tibor qaratgani chinakam insonparvarlik, birodarlik va yaxshi qo‘shnichilikning amaliy ifodasi sifatida baholandi.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulla Mujohid butun afg‘on xalqi nomidan prezident Shavkat Mirziyoyevga «bugungi sinovli davrda mamlakatga ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibori, qo‘llab-quvvatlashi va birdamligi» uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.



Balx viloyati gubernatori Qudratillo Abu Hamza insonparvarlik yordami o‘z vaqtida berilibgina qolmay, balki alohida ehtiyoj ekanligini, bu esa xalqlarimiz o‘rtasida asrlar osha davom yetib kelayotgan tarixiy, madaniy va ma’naviy aloqalarning yana bir isboti ekanligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yordam aslida Afg‘onistonga pandemiya oqibatlarini bartaraf etishga, shuningdek, mamlakatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan gumanitar va oziq-ovqat inqirozining oldini olishga xizmat qiladi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston tomoni esdalik sovg‘alarini taqdim etdi. Surxondaryo viloyati hokimligining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Afg‘oniston tomoni sovg‘a ulashmagan.