Oldinroq Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatiga 21,2 million saylovchi kiritilganligini ma’lum qilgan edi. Ulardan 6,9 millionini (qariyb 33 foizi) 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Ulardan 880 155 nafari ilk marotaba saylovda qatnashadi.

Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev yoshlarning siyosiy bilimi, huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida yoshsaylovchi.uz platformasi ishga tushirilganligini ma’lum qildi. Ushbu platforma orqali saylov jarayoni haqida zarur ma’lumotlarni olish, saylov uchastkasini aniqlash mumkin.

Saylov uchastkasini aniqlash uchun pasport seriya raqamlari va tug‘ilgan kun bo‘yicha ma’lumotlarni kiritish kerak bo‘ladi.


Bundan tashqari, xorijiy tillarni bilgan yoshlar uchun saytdan ro‘yxatdan o‘tgan holda saylovda volontyor yoki trener sifatida ishtirok etish imkoni yaratilgan. Bu orqali ular saylov jarayonini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatishlari, xorijiy ekspertlar va vakillar bilan birgalikda tajriba orttirishlari mumkin bo‘ladi.