Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston bo‘ylab jami 174 998 ta nikoh holatlari qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36 288 taga ko‘p.

O‘tgan sakkiz oy mobaynida eng kam nikoh holatlari fevral oyida qayd etilgan — 16346 ta. Aprel, may oylarida qayd etilgan nikoh holatlari kamayish va nisbatan sekin o‘sish tendensiyasini namoyon qilganligini 1 apreldan respublikada karantin cheklovlarining kuchaytirilganligi bilan izohlash mumkin. 2021 yil 1 apreldan ommaviy tadbirlar o‘tkazishga ayrim cheklovlar o‘rnatilgan edi, xususan, to‘y va oilaviy marosimlarni 100 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazish belgilangan edi.

20 iyuldan joriy qilingan yangi cheklovlarga qaramay nikohni qayd etish holatlari avgust oyida keskin oshgan.


2020

2021

Yanvar

19116

19703

Fevral

15237

16346

Mart

15158

23829

Aprel

893

17236

May

7166

19722

Iyun

18005

22152

Iyul

21419

24491

Avgust

41716

31519

sentabr

45334

-

oktabr

45036

-

Noyabr

35827

-

Dekabr

31878

-

2020 yilda respublika bo‘yicha nikoh holatlarini qayd etishga doir statistikada ham karantin cheklovlari ta’siridagi qiziq tendensiyani kuzatish mumkin. Jumladan, Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda respublika bo‘yicha nikoh holatlari 2019 yilga nisbatan 4,6% ga qisqarib, jami 296 785 tani tashkil etgan. Bu 2020 yil mart oyi oxiridan avgust oyi o‘rtalarigacha respublikada amal qilgan qat’iy karantin cheklovlari bilan izohlanadi. Mamlakatda joriy qilingan karantin cheklovlari, xususan, to‘y marosimlarini o‘tkazish bilan bog‘liq cheklovlarning qayd etilgan nikoh holatlari soniga ta’sirini quyidagi grafik asosida baholash mumkin.

2020 yil va 2021 yilning dastlabki sakkiz oyida nikoh holatlarini qayd etish dinamikasi. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida «Gazeta.uz» tomonidan tayyorlangan.

Respublikada ilk koronavirus holati rasman tasdiqlanganidan so‘ng 2020 yil 24 martidan boshlab to‘y marosimlarini o‘tkazishga ta’qiq qo‘yilgan edi. Natijada 2020 yil aprel oyida respublika bo‘yicha atigi 893 ta nikoh holati qayd etilgan. May oyidan qonuniy nikohni qayd etish holatlari keskin o‘sishni boshlab, iyul oyida nisbatan sekin o‘sgan. Buni 2020 yil 10 iyuldan mamlakatda karantin cheklovlari kuchaytirilganligi bilan izohlash mumkin. 2020 yil 15 avgustdan to‘y marosimlarini 30 kishidan ko‘p odam ishtirok etmagan holda tashkil etishga ruxsat berilgan. O‘z navbatida, avgust, sentabr, oktabr oylarida nikohni qayd etish holatlari ham keskin oshib borgan. Shunisi e’tiborliki, 2020 yilning so‘nggi besh oyida — karantin cheklovlari yumshatilganidan keyin — dastlabki yetti oydagiga qaraganda ikki barobar ko‘proq nikoh holatlari qayd etilgan.