«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhamedjanova TikTok ijtimoiy tarmog‘ini butunlay bloklashni taklif qildi. Bu haqda «Milliy tiklanish» partiyasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Xabarda 8 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda navoiylik maktab o‘quvchilarining dars payti jonli efir qilib, nojo‘ya so‘zlarni ishlatgani eslatib o‘tilgan. Keyinroq o‘quvchi qizlar mazkur holat uchun uzr so‘rab, buni hazil, deb atashgan. Chora ko‘rish uchun materiallar tegishli komissiyaga yuborilgan.

Partiya jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan ushbu vaziyatni maktablardagi ma’naviy muhitning nosog‘lomligi, tarbiya jarayonining yetarli darajada tashkil etilmayotganidan dalolat beruvchi ayanchli holat deb baholadi.

Qayd etilishicha, kechirim so‘rash urf, lekin u O‘zbekiston qonunchiligida jazo chorasi sifatida huquqiy oqibatni tug‘dirmaydi. Shundan kelib chiqqan holda, voyaga yetmaganlar tomonidan qilinadigan bunday xatti-harakatlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish kerak.

Shuningdek, partiya rahbari o‘rinbosarining fikricha, kechirim so‘rash" bugun jamiyatimizda tobora odatga aylanib qoldi. Biroq uni suiiste’mol qilish holati kundalik hayotda kuchayib bormoqda.

«Partiya „Tarbiya“ fanini o‘qitish borasida parlament nazoratini doimiy ravishda kuchaytirib boradi va oliy ta’lim muassasalarida „tarbiyachi“ mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan fakultetlarni joriy qilish ishlarini jadallashtirish lozim deb hisoblaydi (Afsus, mana ikki yildirki, ushbu masala yuzasidan hukumat qarorining ijrosi paysalga solinmoqda)», — deyiladi partiya axborotida.

Eslatib o‘tamiz, «Fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishning qonuniy talablari» buzilganligi uchun O‘zbekistonda ayrim ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklangan edi. Faoliyati cheklangan ijtimoiy tarmoqlar nomi ko‘rsatilmagan, ammo ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Twitter, TikTok va VKontakte faoliyatida uzilishlar bo‘layotganini aytilgan.

Keyinroq, O‘zbekistonda TikTok, Twitter va «VKontakte» ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga cheklov qo‘yilganidan so‘ng, VPN dasturiga talab birdaniga ortgan.

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazoqov ijtimoiy tarmoqlarni bir oyga bloklasa, yoshlar kitob va gazeta o‘qishni boshlashi haqida aytgan edi. Deputat Rasul Kusherbayev ijtimoiy tarmoqlarning cheklanishini «axborot juda kulguli va asridagi absurd» deb ta’riflagan edi.