Jurabek Laboratories farmatsevtika kompaniyasi Rossiyaning koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasini seriyali ishlab chiqarishni boshladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga marketing va sotish bo‘limi boshlig‘i Aziz Soipov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, dori oktabr oyida ichki bozorga chiqadi. Uning aniqlik kiritishicha, sifatni nazorat qilish uchun seriyali ishlab chiqarish vaksinasining namunalari preparatni ishlab chiquvchi — N. F. Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy markaziga, shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi yuborilgan.

«Vaksinani quyish allaqachon boshlangan. Biz har bir seriyani tekshiruvdan o‘tkazish uchun Rossiyaga yuboramiz. Tahlillar taxminan uch hafta davom etadi. Rossiyada va [mahalliy] davlat markazi laboratoriyasida parallel nazorat mavjud. Javoblar chiqishi bilan biz [vaksinani Sog‘liqni saqlash vazirligiga] jo‘natishimiz mumkin bo‘ladi», — dedi Aziz Soipov.

Avgust oyi oxirida O‘zbekiston hukumati Jurabek Laboratories kompaniyasida ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 va «Sputnik V» vaksinalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ruxsat bergan edi.

Zavodning ishlab chiqarish quvvati oyiga 2 million doza «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqarishga imkoniyat beradi.

Iyul oyi oxirida «Gazeta.uz» 1 noyabrga qadar aholining 70 foizini emlash rejalashtirilganligi haqida yozgan edi. 13 sentabr holatiga O‘zbekistonda jami 17 mln 179 ming 579 doza vaksinadan foydalanilgan. Shu kungacha to‘liq emlangan fuqarolar 3 mln 244 ming 580 nafarni tashkil qilmoqda.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda shu kunga qadar qo‘llanilgan vaksinalarning 79 foizi — ZF-UZ-VAC2001, 14 foizi — Moderna, 5 foizi — AstraZeneca hamda 2 foizi — «Sputnik V» vaksinasi hisoblanadi.