Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 sentabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida"gi Qonunni imzoladi. Hujjat 15 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, 31 iyulda Senat tomonidan ma’qullangan edi. U yarim yildan keyin kuchga kiradi.

Bugungi kunda seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi munosabatlar 20 ga yaqin qonunosti hujjatlar bilan tarqoq holda tartibga solinadi va mazkur yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan barcha tadbirlar qonunchilikda nazarda tutilmagan, deya xabar qilgan edi parlament yuqori palatasi.

Respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalar to‘plami bugungi kunda yaqqol yetishmaydi.

Qonunda O‘zbekiston ma’muriy-hududiy birliklari hududining seysmik xavfsizlikni ta’minlash obyektlari; mudofaa, sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, ilmiy -texnik komplekslar, suv omborlari va gidrotexnik inshootlar, sog‘liqni saqlash muassasalari, ta’lim tashkilotlari, jamoat va turar -joy binolari; moddiy va madaniy meros obyektlari; ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgichlar, tunnellar va yo‘llar; muhandislik va transport kommunikatsiyalari, gaz, suv, issiqlik va elektr ta’minoti tarmoqlariga taalluqlidir.

Mazkur obyektlar ahamiyatiga ko‘ra quyidagi toifalarga bo‘linadi:

  • I toifa — xavflilik omili past bo‘lgan obyektlar;
  • II toifa — xavflilik omili o‘rtacha bo‘lgan obyektlar;
  • III toifa — xavflilik omili yuqori bo‘lgan obyektlar;
  • IV toifa — xavflilik omili juda yuqori bo‘lgan obyektlar.

Qonun seysmik xavfsizlik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi. Bino va inshootlarning (mavjud va foydalanishga topshirilgan) zilzilaga bardoshliligini monitoring va nazorat qilish, suv omborlari bo‘yicha kuzatuvlar o‘tkazish, ularning zilzilaga bardoshliligi monitoringi, odamlar salomatligi va hayoti hamda aholi mulkiga zararni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, yo‘qotishlar (moddiy, iqtisodiy va boshqalar) xavfi, seysmik xavf va zilzilalar ehtimolini bashorat qilishning zamonaviy usullarini joriy etish, shuningdek, inshootlarning seysmik qarshiligini kuchaytirish kiradi.

Hujjatda Vazirlar Mahkamasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi, Fanlar akademiyasi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi vakolatlari belgilab berilgan.

Alohida bob seysmik xavfsizlik sohasidagi faoliyatni tashkil etish: seysmik xavfni baholash, zilzilalar ehtimolini aniqlash, bino va inshootlarning seysmik qarshiligini tekshirish va monitoring qilish, seysmik xavfni baholash, uni kamaytirish, oqibatlarini bartaraf etish, zilzila, zararni baholash va boshqalarga bag‘ishlangan.

Qonunga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar tegishli hududda seysmik xavf darajasi to‘g‘risida to‘liq va ishonchli axborotlarga ega bo‘lish, zilzila paytida o‘zini tutish qoidalari va ularga tayyorgarlik to‘g‘risida ma’lumot olish, shuningdek, zilzila vaqtida xodimlar xavfsizligini ta’minlash va ularni to‘g‘ri harakatlanish bo‘yicha o‘qitish uchun mutaxassislarni jalb qilish huquqiga ega.

Qonun O‘zbekiston hududida bo‘lgan shaxslarni ushbu sohadagi qonun hujjatlari talablarini bajarishga hamda o‘z hayoti, sog‘lig‘i va mulkini saqlab qolish uchun zilzilalarga qarshi ehtiyot choralarini ko‘rish majburiyatini yuklaydi.

Yuridik shaxslar o‘z xodimlarini zilzila paytida o‘zini himoya qilishga va favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga o‘rgatishlari, joylarda ogohlantirish tizimlarining doimiy tayyorligini ta’minlashlari, o‘z yurisdiksiyasidagi obyektlarning barqaror ishlashini ta’minlash shartlariga rioya qilishlari va hayotini ta’minlashlari shart.