10 sentabr kuni soat 13:50 da Mirzaobod tumani, Dehqonobod MFY hududidagi dala maydoni chetidagi jing‘il butalari orasidan yoqib yuborilgan holdagi ayol jasadi topilgan. Bu haqda Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari davomida, noma’lum murdaning shaxsiga aniqlik kiritilgan. Ushbu jinoyatni sodir qilgan shaxslar S.K. hamda uning jinoiy sheriklari L.K., S.M., V.D. va J.M. lar ekanligi aniqlanib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Hozirda holat yuzasidan Mirzaobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” bandi (Qasddan odam o‘ldirish o‘ta shafqatsizlik bilan) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida tanasi 100% kuyib ketgani aytilgan shaxs tirik bo‘lib chiqqanligi haqida xabar berilgan edi. U aslida qarzini to‘lamaslik uchun o‘zini o‘ldiga chiqarib qo‘rsatish rejasini tuzib, Toshkent shahrida istiqomat qiladigan boshqa fuqaroni o‘ldirganligi ma’lum bo‘lgan.