Dushanba kuni «O‘zbekiston 24» milliy telekanalining «Fakt 24» ko‘rsatuvida Namangan viloyatidagi maktabdan jonli reportaj namoyish etdi. Unda o‘quvchilar limondan elektr tokini olishning mashhur tajribasini ko‘rsatganlar.

Limondan (shuningdek olma, kivi, kartoshka, bodring, tuproq va hokazolardan) elektr toki olish mumkinligi — barchaga ma’lum bo‘lgan fakt. Biroq ko‘rsatuvda ushbu tajriba «kashfiyot» deb atalgan.

Jonli efir boshida jurnalist limonni qo‘lida ushlab, undan tok olish nazariyada mavjudligi haqida gapiradi. «Lekin buni amaliyotda kimlar joriy qilyapti?» deb savol beradi. So‘ng: «Namangandan yangiligimiz bor… Buni kashfiyot desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi», — deydi u.

O‘quvchi uchta limonga mis va rux plastinkani suqib, ularni simlar bilan ulab, tajribani namoyish etadi. So‘ng u voltmetrni ulaydi, uning o‘qi kuchlanishni ko‘rsatib, harakatlana boshlaydi.

Jurnalist savollar beradi: «Qancha quvvat beradi? Bundan qaysi jarayonlarda foydalansa bo‘ladi? Misol uchun lampalar yonadimi?»

O‘quvchi va o‘qituvchi 2 voltdan 4 voltgacha bo‘lgan kuchlanish berishi, past kuchlanishli neon lampalarni yonishida foydalanish mumkinligi haqida ta’kidlaydi. «Bu limondagi kislotaga bog‘liq bo‘ladi», — deb qo‘shimcha qiladi o‘qituvchi.

So‘ng reportajda o‘quvchilar gidroponika yordamida o‘simliklar o‘stiradigan mini-issiqxona ko‘rsatiladi.

Reportajni yakunlar ekan, jurnalist bularning barchasi O‘zbekistonda oxirgi besh yil ichida prezident tomonidan ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor natijasi, deb ta’kidlaydi.

Avvalroq, 10 sentabr kuni Namangan viloyati halq ta’limi boshqarmasi o‘zining Telegram-kanalida ushbu maktabda «limon yordamida innovatsion usulda elektr toki hosil qilinganligi» haqida xabar bergan.

«Uchqo‘rg‘on tumanidagi 1-umumta’lim maktabida fizika fanidan navbatdagi tajriba chog‘ida limon yordamida elektr toki olishga muvaffaq bo‘lindi», — deb yozdi boshqarma.

«O‘quvchilar voltmetr va zarur uskunalardan foydalangan holda limondan elektr toki hosil qilishdi. Ularning bu amaliyoti boshqa hududlarda tengdoshlari hali qo‘l urmagan o‘ziga xos tadqiqotdir», — deyiladi matnda.