Toshkent shahrida qashqadaryolik sportchi Kamoliddin Rasulov boshqa bir sportchi tomonidan pichoqlanib, o‘ldirildi, deya «Daryo» o‘z muxbiriga tayanib xabar berdi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov buni nashrga tasdiqlab, voqea 13 sentabr kuni soat 21:30 da Toshkent shahrining Uchtepa tumanida sodir bo‘lganini ma’lum qilgan.

Unga ko‘ra, 2021 yilning 13 sentabr kuni soat 21:30 da 30 yoshli fuqaro Sh. T. tanishi, harbiy xizmatchi Kamoliddin Rasulovga qo‘ng‘iroq qilib, undan xarid qilib olgan ‘Humo Trop' vitaminini tavsiyasiga ko‘ra iste’mol qilgani natijasida sog‘lig‘i yomonlashganini, shifokorlar bu kasallikning davosi yo‘qligini bildirganini aytib, uni Uchtepa tumani, 14-mavzedagi uyi oldiga chaqirgan.

Ular ko‘rishgach, o‘zaro janjallashib qolib, Sh. T. yonida olib chiqqan oshxona pichog‘i bilan Kamoliddin Rasulovni turli sohalariga bir necha marotaba urib, qasddan o‘ldirgan.

Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, Uchtepa tumani prokuraturasi tomonidan Sh. T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

«Daryo» manbasi bergan ma’lumotga ko‘ra, marhum Kamoliddin Rasulov Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida tug‘ilgan, sportchi 29 yoshda bo‘lgan. «Hozir marhumni kurashchi Sherali Jo‘rayev uyiga olib ketayotgan ekan», — deya «Daryo» o‘z manbasining so‘zlarini keltiradi.

«Daryo» manbasining qo‘shimcha ma’lumot berishicha, sportchining o‘limiga sabab bo‘lgan Sh. T. ham milliy kurash va dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lib, o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha birinchi jahon chempioni — Toshtemir Muhammadiyevning jiyani bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, oldinroq Qashqadaryoda sportchi Elbek Rahimov bir necha kishi tomonidan kaltaklanib, pichoqlab o‘ldirilgani haqida xabar bergan edik. Ushbu voqeadan so‘ng bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev hamda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Qashqadaryoda OAV vakillari hamda jamoatchilik bilan uchrashib, voqea tafsilotlari haqida gapirib bergandi.