Markaziy bank (MB) raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev 13 sentabrdagi matbuot anjumanida O‘zbekistonda inflyatsiya darajasini 5% gacha pasaytirish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi (video).

Uning ta’kidlashicha, mamlakatda iqtisodiy o‘sish makroiqtisodiy barqarorlik va inflyatsiya bilan chambarchas bog‘liq: «Inflyatsiyani barqaror iqtisodiy o‘sishdan ajratib bo‘lmaydi».

«Shunday ekan, aholi jon boshiga YAIMni 2026 yilda 2800 dollarga va 2030 yilda 4000 dollarga yetkazish uchun inflyatsiya targetini 5% darajada ta’minlash vazifasi qo‘yilgan… Ayrim iqtisodchilar inflyatsiyaga emas, iqtisodiy o‘sishga ko‘proq e’tibor qaratish lozimligini aytishmoqda. Lekin [iqtisodiyotda] bir vaqtning o‘zida ham inflyatsiya yuqori, ham iqtisodiy o‘sish bo‘lsa, bundan hech qanday foyda yo‘q. Aholining ertangi turmush darajasi yana kechagi darajada qolaveradi», — dedi Behzod Hamroyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi jon boshiga YAIM belgilangan ko‘rsatkichgacha o‘sishi uchun asos mehnat unumdorligini oshirish hisoblanadi.

«Masalan, hozir kimdir 10 dona tovar ishlab chiqarayotgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkichni 15−20 donaga yetkazish uchun bizda imkoniyat bor… Agar mehnat unumdorligini ikki baravarga oshirsak, ichki bozorda ko‘proq mahsulotlar paydo bo‘ladi, raqobat kuchayadi. Bu, o‘z navbatida, inflyatsiyani pasaytirish imkonini beradi», — deya ta’kidladi MB raisi o‘rinbosari.

Behzod Hamroyev MB iqtisodiyotda jamg‘armalarni rag‘batlantiruvchi pul-kredit siyosatini olib borishini aytib o‘tdi.

Ikkinchi omil — bu budjet xarajatlarini optimallashtirish, tarkibiy islohotlarni amalga oshirish, budjet tushumlarini faqatgina soliq stavkalarini ko‘tarish orqali emas, iqtisodiyot va biznesni rag‘batlantirish hisobiga ko‘paytirishni o‘z ichiga oluvchi kompleks chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi fiskal konsolidatsiya. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ham inflyatsiyani pasaytirishga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.

«Keyingi yo‘nalish — narxlarni erkinlashtirish, ya’ni bozor sharoitlarni yaxshilash. Inflyatsiyani [pasaytirishning] asosida, o‘z navbatida, bozordagi raqobat yotadi. Masalan, har qanday bozorda sotuvchi bitta bo‘lsa, u albatta narxlarni oshiradi. Ikkita bo‘lsa, ular kelishib olishadi. Agar ularning soni 10−15 ta bo‘lsa, narxlar ham pasayadi. Shunday ekan, butun boshli iqtisodiyotda raqobatni kuchaytirish inflyatsiyani jilovlashning asosiy omillaridan biri hisoblanadi», — dedi u.

MB raisi o‘rinbosarining qayd etishicha, imtiyozli kreditlar va kreditlash jarayonlari bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tkaziladi. Hozirgi vaqtda banklarni transformatsiyalash jarayoni ketmoqda, 2025 yilgacha bank tizimida xususiy banklar aktivlari ulushini joriy 15% dan 60% gacha oshirish rejalashtirilmoqda.

Behzod Hamroyev, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi masalasiga e’tibor qaratib, bu o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya o‘sishining oldini olish imkonini berishini qayd etdi.

«Buni Rossiya, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlar misolida ko‘rish mumkin. JSTga a’zo bo‘lgandan keyin, albatta, to‘liq bu omil ta’sirida emas, inflyatsiya ma’lum darajada pasayishi kuzatilgan», — deya aniqlik kiritdi u.

Regulyator vakilining ta’kidlashicha, 5% lik inflyatsiya maqsadi O‘zbekistonning savdo bo‘yicha yirik hamkor davlatlaridagi inflyatsiya darajasidan kelib chiqib tanlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston, Turkiya, Rossiya va boshqa mamlakatlarda inflyatsiyaning o‘rtacha ko‘rsatkichi 4−5% ni tashkil etadi.

«Agar biz inflyatsiyani ulardagi darajaga tushirsak, bu, o‘z navbatida, milliy valyutaga bosimni pasaytiradi», — dedi u.

Yil boshida Behzod Hamroyev MB, Moliya vazirligi prognozi 7−8% ni tashkil etishiga qaramay, 2023 yilda inflyatsiya bo‘yicha 5% lik maqsadga yetishga ishonishini aytgan edi. U energiya resurslari narxi ko‘tarilishini kechiktirish 2022 yilga kelib bazaviy inflyatsiya darajasini pasaytirish imkonini berishini qayd etdi.