14 sentabr kuni Xivada «Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida» xalqaro madaniyat forumiga start berildi, deya xabar bermoqda tadbir matbuot markazi «Gazeta.uz»ga.

Forum YUNESKO bilan birgalikda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh assambleyasining 75 -sessiyasida bildirilgan tashabbusi asosida o‘tkazilmoqda.


Ushbu madaniy forum doirasida TURKSOYga a’zo bo‘lgandavlatlar madaniyat vazirlari doimiy kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Dastur doirasida «Xiva — Turk dunyosining madaniy poytaxti» doirasidagi tadbirlar haqida hisobot, 2022 yil turk dunyosining madaniy poytaxti taqdimoti, shuningdek, 2021−2024 yillar uchun TURKSOY bosh kotibi saylovi bo‘lib o‘tadi.

Bundan tashqari, 13−21 sentabr kunlari Toshkent, Xiva va Nukus shaharlarida Madaniy meros haftaligining bir qator madaniy tadbirlari o‘tmoqda.

Haftalik doirasida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining «O‘zbekiston madaniy merosi — Yangi Renessans poydevori» V Kongressi bo‘lib o‘tadi.


O‘zbekiston hukumati qo‘llab quvvatlashi bilan o‘tkazilayotgan V kongress O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati va O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan tashkillashtirilgan, YUNESKO, Turizm va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, «Eriell Group» neft servis kompaniyasi ko‘magi bilan o‘tkazilmoqda.

Kongressda dunyoning 46 mamlakatidan tashrif buyurgan 200 ga yaqin olim va mutaxassislar — yetakchi sharqshunoslar, ekspertlar, tadqiqotchilar, qo‘lyozmalar va miniatyuralar bo‘yicha mutaxassislar va boshqa ko‘plab mutaxassislar ishtirok etadi.

Madaniy meros haftaligi doirasida o‘ndan ortiq ko‘rgazmalar o‘tkazish rejalashtirilgan:

  • «Kamoliddin Behzod miniatyuralari» fotoko‘rgazmasi;
  • arxeolog, O‘rta Osiyo madaniyati tadqiqotchisi Leon Semyonovich Barshevskiy fotoko‘rgazmasi;
  • rishton kulolchilik buyumlari ko‘rgazmasi;
  • Shahrisabz va Samarqand yodgorliklariga virtual sayohat «Zamonaviy ilm-fanda 3D-texnologiyasi» videoart ko‘rgazmasi;
  • Jamol Usmonovning «Alisher Navoiy she’riyati» suratlar ko‘rgazmasi;
  • O‘zbekiston Milliy bankining numizmatik to‘plami ko‘rgazmasi.

Shuningdek, Madaniy meros haftaligi doirasida o‘zbek san’atining jahon va mahalliy to‘plamlarda saqlanayotgan durdonalariga bag‘ishlangan «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» turkumidagi 50 ta noyob kitob-albom taqdimoti bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, kitob-albomlarning 50 ta to‘plamini muzeylar, galereyalar, ta’lim muassasalari, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari va konsulliklariga topshirish marosimini o‘tkazish rejalashtirilgan.

«Meros haftaligi» ishtirokchilari Nukus shahriga tashrif buyurishadi va Nukus baxshi maktabida «Baxshi san’atining jahon madaniyati sivilizatsiyasida tutgan o‘rni» xalqaro ilmiy -nazariy konferensiyasining ochilish marosimida, so‘ng esa Xalqaro baxshi san’ati festivalida ishtirok etishadi.

Shuningdek, Nukusda YUNESKO shafeligida «Arxeologiya va turizm: salohiyat va merosni boshqarishni aniqlash» xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Ishtirokchilar arxeologik merosni boshqarish va geokultural brending, fundamental va amaliy fandagi arxeologik meros va boshqa dolzarb masalalarni muhokama qiladilar.