«Gazeta.uz» O‘zbekistonning turli hududlaridan Toshkentga kelib, o‘z hayotini qurayotgan, o‘qiyotgan va ishlayotgan qizlar bilan poytaxtdagi hayot, ish faoliyati va jamiyatda ayollarning o‘rni haqida suhbat uyushtirdi.

«Qizlarni yoshligidan biror sohaga emas, oila bekaligiga tayyorlashlari odamni xafa qiladi» — Inara Asanova

Inara Asanova 1998 yili Sirdaryo viloyati Guliston tumanida tug‘ilgan. U Guliston tumanidagi 14-umumta’lim maktabida tahsil olgan. O‘rta ma’lumotni Guliston tibbiyot kollejida olgan. Hozirda Guliston davlat universitetida 4 bosqich talabasi. Inara 2 yildan buyon marketing sohasida, jumladan, SMM va targeting yo‘nalishida faoliyat yuritadi. Hozirda u 605 agentligida loyixa menejeri lavozimida ish olib bormoqda.

— Avvaldan IT sohasiga qiziqib kelganman. Lekin negadir viloyatlarda ko‘pchilikning ota-onasi bu sohani qabul qilishmasdi. Chunki qiz bola uchun shifokorlik yoki o‘qituvchilik kasbini egallash normal ko‘rinadi ko‘proq. IT sohasiga kirib kelish ozroq qiyin bo‘lgan. Birinchidan, atrof muhitimdagi odamlar bu narsani tushunmasligi, ikkinchidan, bu sohaga kirib kelish uchun yetarlicha ustoz topa olmaganman. Keyinchalik internetdan o‘rganishga to‘g‘ri kelgan.

Men Toshkentga marketing sohasini o‘rganib, shu sohada faoliyat yuritish uchun kelganman. Chunki, hammamiz bilsak kerak, viloyatlarda marketing sohasi yaxshi rivojlanmagan. Insonlar bu soha nima ekanligini tushunishmaydi, SMM nima, reklama nima bilishmaydi. Reklama deganda ular asosan ko‘chadagi yoki televideniyedagi reklamani tushunishadi. Toshkent — imkoniyatlar shahri. Shuning uchun ham bu yerga kelib, ushbu sohani o‘rganishga qaror qilganman.

Umuman olganda, bu sohaga 2018 yilda kirib kelganman. Shu yili talaba bo‘lishimdan oldin yaqin do‘stim ushbu sohada ishlashni tavsiya qilgan edi. Keyin «frilans» shaklida kopirayterlik qilishni boshlaganman. Pandemiya vaqtida esa Toshkentga kelishni, shu sohani aynan poytaxtdagi ustozlardan o‘rganishga qaror qilganman.

Foto: Inara Asanovaning shaxsiy arxividan.

Toshkent muhiti odamni o‘zgartirdi. Doimo o‘zim uchun harakat qilganman, lekin o‘zim uchun ko‘proq kurashishni o‘rgandim. Bundan tashqari, avval Toshkentga kelib nimanidir o‘rganish maqsadim bo‘lgan bo‘lsa, hozir xalqaro maydonga chiqib, o‘z soham bo‘yicha tajriba oshirishni maqsad qilib qo‘yganman.

O‘qishga kirganimdan so‘ng uydagilarim bilan turmushga chiqish borasida suhbat bo‘lgan. Men o‘zimni maqsadlarimni aytganman. O‘z kareramni yo‘lga qo‘yib olib, keyin oila qurishga tayyor bo‘lishimni tushuntirganman. Ya’ni universitetni bitirib, balki magistraturani ham bitirib, keyin oila qurishga tayyor bo‘laman. Chunki oila qurish ham oson ish emas. Bizda bir tushuncha bor: qiz bolani yoshligidan «sen oila bekasi bo‘lasan», deya tarbiyalashadi. Universitetga kirishning ham asosiy maqsadi — yaxshi joydan ish topish yoki yaxshi joyga turmushga chiqish. Qizlar o‘qiyotgan vaqtda oila qurgach, ikkita qayiqda muvozanatni saqlab turish qiyin bo‘ladi. Baribir bittasidan kechish kerak bo‘lganda, bu o‘quv jarayoni bo‘ladi. O‘zimning ko‘pchilik yaqinlarimda ham shunday bo‘lgan.

Yaqinlarim hozir bu sohani, men qayerda ishlashimni va qanday faoliyat yuritishimni tushunishadi. Poytaxtda ishlashimni normal qabul qilishadi. Ammo boshida qo‘rquv bo‘lgandi. O‘zimni himoya qilish jihatidan emas, balki pandemiya vaqtida Toshkentga kelganman va koronavirusga chalinib qolishimdan qo‘rqishgan. Toshkentga kelishimga onam ko‘proq qarshi bo‘lgan. Sababi o‘zlari SES xodimi va o‘shanda vaziyat qay darajada ekanligini yaxshi bilardilar. Otam esa «ko‘ngling nimani xohlasa, shu soha senikiligiga ishonsang, men senga qarshilik qilmayman» degan. Boshqa tomondan esa butunlay ishonishadi.

Foto: Inara Asanovaning shaxsiy arxividan.

Turmush qursam, albatta, ish faoliyatimni davom ettiraman. Oila — birinchi o‘rinda. Lekin har bir insonning turmush o‘rtog‘i uning kasbini tushunsa, bunga to‘sqinlik qilmasa kerak. Shunda ish va oilani birgalikda mujassamlashtirsa bo‘ladi.

Atrofimdagi tengdoshlarimni kuzatganimda, oilasi ularning xohishlariga qarshi bo‘lishlari yoqmaydi. Masalan, IT sohasini o‘rganmoqchi bo‘lsa «bu soha bilan kim ham bo‘larding» deyishadi, yoki chet elga ketmoqchi bo‘lsa odatda jo‘natishmaydi, «qiz bolasan, odamlar nima deydi?», degan gaplar bo‘ladi. Yoshligidan biror sohaga emas, oila bekaligiga tayyorlashlari odamni xafa qiladi.

Foto: Inara Asanovaning shaxsiy arxividan.

Qiz bola o‘z ustida ishlashi kerak. Qanday sohaga qiziqishidan qat’iy nazar, o‘z maqsadiga erishish uchun ishlash kerak. Bu unga qo‘shimcha kasb yoki hunar bo‘lishi mumkin. Ikkinchisi, qandaydir qarorlari bormi, gaplari bormi, bu narsani qo‘rqmasdan uydagilariga aytishi kerak. Chunki ba’zida bilamiz «otamdan qo‘rqdim, aytolmadim», deya qizlarda turli vaziyatlar bo‘lishi mumkin. Uchinchisi esa, til o‘rganishi kerak. Shu orqali dunyoqarashini oshirishi kerak.

«O‘zida erkinlik yo‘q inson, qanday qilib mustaqil bolani tarbiyalaydi?» — Muxlisa Orifjonova

Muxlisa Orifjonova 1998 yil Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. Farg‘ona davlat universiteti (bakalavr) hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (magistratura)da tahsil olgan. Hozirda Prezident ta’lim muassasalari agentligida xalqaro bo‘lim mutaxassisi sifatida faoliyat olib boradi. Shuningdek, Digital Generation Uzbekistan NNT`da ham ishlaydi.

— Toshkentga kelgunga qadar bo‘lgan hayotim ancha rang-barang edi, maktab paytimdan turli tanlovlarda, fan olimpiadalarida qatnashganman. Atrofimda odamlar doim ko‘p bo‘lgan, yangi tanishlar, do‘stlar orttirishdan hecham qo‘rqmaganman. Hamma narsani o‘zim qilishni istardim, shundanmi, ko‘p sohalarga bosh suqqanman. Soham xalqaro iqtisodiy faoliyat bo‘lsa-da, jurnalistika, SMM, loyihalar boshqaruvi, grafik dizayn, montaj bo‘yicha ozmi-ko‘pmi tajribam bor.

Avval, rosti, mendagi eng asosiy xususiyat mahmadonalik va shaddodlik edi. Muxlisa deganda ko‘pchilik bir gapirib o‘n kuladigan kichkina qizchani eslardi, menimcha. Har kunim oddiy o‘tardi: ishga borish, uyga qaytish. Lekin har kuni o‘z ustimda ishlashga harakat qilardim. Turli kurslar olardim, uyquga yotishdan avval kamida bir soat mutolaa qilardim.

O‘sha vaqtlardagi eng asosiy maqsadim — barcha xarajatlari qoplanadigan loyihalarda yutib, chet elda o‘qish va ishlash bo‘lgan. Ko‘zi ojizlar uchun maxsus brayl alifbosida kitoblar chiqarish uchun nashriyot tashkil qilish ham orzularimdan biri edi. Muhimi, birinchi va faqat birinchi bo‘lishni istardim, qaysi tanlovda qatnashsam ham, qaysi darsga kirsam ham, nima ishni boshlasam ham birinchi bo‘lishim kerak edi. Yo yutaman, yo o‘rganaman deb turli xil, hatto menga umuman aloqasi bo‘lmagan tanlovlarda ham ishtirok etaverardim, hozir o‘ylasam, «ehh, erinmagan odam bo‘lganman», deb o‘ylab qolaman.

Dunyo men uchun faqat yaxshiliklar qo‘shib tayyorlangan va osongina yutiladigan chiroyli idishdagi kokteyl edi. Vaqtim ham hecham tugamaydigandek tuyulardi menga.

Foto: Muxlisa Orifjonovaning shaxsiy arxividan.

Toshkentga kelganimdan so‘ng eng katta o‘zgarish — bu yolg‘izlik edi. O‘qish yo ishdan qaytganimda oyim yoki singillarim yugurib chiqmasligi, ukam bilan scratch`da o‘yin yasamasligim, buvamni turli ibratli voqealarni aytib bermasligi, dadamdan «bugun nima ovqat qilaylik?» deb so‘ramay qo‘yishga ko‘nikish juda qiyin bo‘lgan. Hayotning asl ta’mini yaqinlaringdan uzoqda bo‘lganingda anglaysan ekan. Atrofingda kun davomida ko‘p odamlar bo‘ladi, ular bilan ishlaysan, dars qilasan, ammo oxiri uyingda yolg‘iz kino ko‘rib, yo kitob o‘qib o‘tirasan. Lekin bu bir tarafdan yaxshi edi, eng kamida maqsadlarimni aniqlashtirib olishni o‘rgandim.

Keyinroq ijtimoiy hayotdan biroz uzoqlashib bor e’tiborimni o‘z sohamda eng kuchli bo‘lishga qaratdim. Ha, o‘z ustimda jiddiy ishlay boshladim, poytaxtda raqobat juda kuchli. Hamkasblarimning til, tajriba va kasbiy ko‘nikmalari mendan ustun, bu ham meni izlanishga chorlagan.

Toshkentga kelganimdan beri to hozirgacha menga yordam bergan, dardimni eshitgan yaxshi insonlar bor. Bir hamkasbim, ayniqsa, ishxonada kayfiyatimdan muammolarimni anglab olardi, undan ko‘p maslahatlar olganman. Sal osonroq yashash uchun har doim ham aqllilik qilmasdan, atrofdagilardan yordam ham olib turish kerakligini anglaganman. Bundan tashqari, vaqtimni qizg‘ona boshlaganim hamda odamlarga yo‘q deyishni o‘rganganim ham eng yaxshi saboqlarimdan biri edi. Rosti, avval ham shaharda yashaganim uchun, menga Toshkentda hayot kechirishga ko‘nikish u qadar qiyin bo‘lmagan, lekin moliyaviy tomondan pullarimni tejab ishlatishga qiynalganman.

Nega ko‘pchilik qizlar o‘qishga kirgach 1−2 yildan keyin turmushga chiqib ketishadi? Qizlar ko‘p hollarda o‘z kelajagi uchun qaror qabul qilishdan qo‘rqqanidandir, balki. Chunki ko‘pchilik «ota-onam men uchun to‘g‘ri qaror qabul qilib beradi», deb o‘ylaydi. Biz yoshlikdan shunday o‘samiz, bozorga borsak oyimiz tanlab bergan kiyimni olamiz, restoranga borsak dadamiz aytgan ovqatni yeymiz. Kamdan-kam hollarda boladan «sen nima xohlaysan?», deb so‘rashadi. Balki qizlar qaror qabul qilishda erkin emasligidir bunga sabab. Keyin, menimcha, ko‘p ota-onalar qizlarnini yaxshi joyga turmushga berishga juda muhim va kechiktirib bo‘lmas vazifa sifatida qarashadi. «Mana o‘qiyapti, endi turmushini qilsin», deyishadi.

Foto: Muxlisa Orifjonovaning shaxsiy arxividan.

Menda bu holatda uyimdagilar avvalo bor e’tiborimni o‘qishga qaratishim tarafdori bo‘lganlar. Ayniqsa, o‘qimishli inson bo‘lishimizni rahmatli hojidadam (bobom) judayam xohlaganlar. Qolaversa, eng qiyini oyimga bo‘lgan, rosti, qarindosh-urug‘lar, tanish-bilishlar «o‘qishga kirdi, turmushga ber», deganlaridayam «o‘qib olsin, o‘qish vaqtida qiz bola faqat o‘qishi kerak», deganlar. Bilaman, ularga hozir ham qiyin, ba’zan o‘rtoqlarini nabiralari haqida gapirib qoladilar, keyin o‘zlarini uncha yaxshi his qilmayotganlarini sezaman. Lekin oyimni hamma o‘rtoqlarini qizi ham turmushga chiqiboq, baxtli bo‘lib ketmadi. Balki, shunaqa keyslarni ko‘p ko‘rganlari uchun meni asragandirlar. Rosti, o‘zim ham kollej yoki universitetda o‘qib yurganimda boshqa tengdoshlarim singari sep, to‘y kabi orzu-havaslarga uncha qiziqmaganman. Nega qizlar turmushga chiqayotganda ko‘pgina sep qilinadi, yangi kiyimlar olib berishadi, o‘qishga kirganda esa yo‘q, deb o‘ylab qolaman.

Ishxonamizda juda kuchli oilaviy muhit bor, bir-birimizga yordam beramiz, birga tushlik qilamiz. Tushlik vaqtida choynak yigitlar tarafda bo‘lsa, ular indamay choy quyib beradi, hech kim qizlar tarafga surib qo‘ymaydi. Muvafaqqiyatga erishsam, mendan ko‘ra ko‘proq xursand bo‘lishadi. Tug‘ilgan kunim ham eslarida turadi. Men o‘z uyimda ishlayotgandek bo‘laman, gohida.

Bizniki kabi jamiyatlarda odamlar ongida juda g‘alati qarash bor: ayol kishi yo oilada, yo karerada muvafaqqiyatli bo‘la oladi. Lekin ham oila, ham ishni birdaniga a’lo darajada uddalayotgan ayollar bor-ku. Masalan, men hayotim davomida shunaqa ayollarni ko‘p uchratganman. Shaxsan men uchun uy ishlari butun kareramni almashishimga arzirli sabab emas. Yoki karera oiladan kechish uchun bahona bo‘la olmaydi. Qaysidir ayol o‘zi istagani uchungina o‘zini oilasiga bag‘ishlasa, bunga umuman e’tirozim yo‘q. Ammo ham oilani, ham ishimni yaxshi ko‘raman, degan ayol o‘z istaganini qilishi kerak. Farzand tarbiyasi uchun vaqt kerak-ku, deb aytishingiz mumkin, bu vaqtda ishdan dam olib turish normal holat. Menga kelsa, men ishimni davom ettiraman deb o‘ylayman. Qiyindir, ammo uddalasa bo‘ladi.

Foto: Muxlisa Orifjonovaning shaxsiy arxividan.

Biz erkin jamiyat istaymiz, «farzandlarimiz erkin bo‘lib o‘ssin», deymiz. Xohlaymizmi yo‘qmi, bola jinsidan qat’i nazar onasi bilan ko‘p vaqt o‘tkazadi. Jamiyatimizdagi ko‘p onalar esa turmush o‘rtog‘i, qaynona, qaynotasi ruxsatisiz, ostona xatlab ko‘chaga chiqa olmaydi. Uyga mehmon kelsa, hatto gapirmaydi ham. O‘zida erkinlik yo‘q inson, qanday qilib mustaqil bolani tarbiyalaydi?

Menga ayollar bilan hisoblashmay, ularning kelajagi uchun qaror qabul qilishlari yoqmaydi, menga ayollarning imkoniyatiga yetarlicha baho bermasliklari yoqmaydi, menga «ayollar kuchli bo‘lmasligi kerak, aqlsiz bo‘lishi kerak», deb qarashlari yoqmaydi, menga qiz bola farzand tug‘ilsa, tug‘ruqxonaga borishga or qilishlari yoqmaydi. Yana menga eng yoqmagani — zo‘ravonlik qurboni bo‘lib turgan ayolga, ayollarning o‘zi «mana, men chidab baxtli yashayapmanu» qabilidagi maslahatlar berishi. Yoki zo‘rlangan qizni ko‘rishsa, «g‘o‘najin ko‘zini suzmasa…» maqolini keltirishlari.

O‘ylamay, analiz qilmay, fikrlamay osongina hukm qilib qo‘yishlari — bu juda yomon, juda. Jamiyatimizda ajrashgan, zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollarga nisbatan salbiy qarash juda kuchli. Ajrashdimi, u uchun barcha eshik yopiq. Kechirasiz, hayot hatto eng og‘ir gunohkor bo‘lganingizda ham yashashdan voz kechishimiz, yoki «odamlar nima deydi?» deb hech nima qilmay, uyda o‘tirishimiz uchun juda qisqalik qiladi.

Foto: Muxlisa Orifjonovaning shaxsiy arxividan.

Men o‘zim tengi viloyat yoki qishloqlardagi qizga, birinchi galda, «eng birinchi o‘zingizdan maslahat oling», degan bo‘lardim. Chunki sizni, hozirgi vaziyatingizni, ustunliklaringizni, muammolaringizni hech kim sizchalik yaxshi bilmaydi. Sizni nima xursand qiladi, nima bilan shug‘ullanish sizga zavq bag‘ishlaydi, keyingi 3 oylikdagi rejalaringiz qanday, bir yillik, 2 yillik, 10 yillikdagichi? 5 yildan keyin o‘zingiz uchun ideal inson bo‘lish uchun hozir nimalar qilishingiz kerak? Aniq javob olish to‘g‘ri savol berishdan boshlanadi. O‘zingizni savolga tuting, kitobda yozilganidek, «o‘zingizni sud qiling». Bilaman, murakkab, ammo shunday qiling. Maslahat oladigan insonni tanlashda ham juda ehtiyot bo‘ling, oshpaz sizga qanday shirin ovqat qilishni ayta oladi, ammo o‘sha ovqat oshqozonga zarar yoki foydaliligini faqat gastroenterolog aytib berishi mumkin.

Ana endi, eng asosiysi, o‘zingiz yakka baxtli bo‘lishni o‘rganing. Sizni baxtingiz uchun hech kim javobgar emas. Baxt — bu ulashish, siz o‘zingiz baxtni his qilmaguningizcha, uni boshqalar bilan baham ko‘rolmaysiz. Baxt — bu o‘ta subyektiv narsa, ammo hamma unga intilishini hisobga olsak, o‘z baxtingizni yarating.

«Bir eshik yopiq bo‘lsa, boshqasini qidir, topolmasang, o‘zing yasa» — Madina Ochilova

Madina Ochilova 2000 yilda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. Hozirda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining 4-bosqich talabasi, Kun.uz saytining muxbiri.

— Toshkentga 18 yoshimda kelganman. Toshkentga kelgunimcha bo‘lgan davr bolaligim, bola orzularim va bolalardek xayollarimdan iborat. Aniqrog‘i, 17 yoshimgacha bolalik hayoti, 17−18 yoshim haqiqiy sinov davri bo‘lgan. 2018 yilda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ilk talabalarini qabul qildi. Ijodiy imtihonlar uchun OAVda e’lon qilingan materiallar so‘ralgani sababli, har oyda tuman gazetasiga maqolalar berib turardim. Kollejdagi o‘qish bilan birga ona tili va adabiyot hamda ingliz tilidan repititorga borar edim. Eng katta bilimlarni shu yoshimda to‘plaganman, negaki imtihonga qisqa vaqt qolgan, men uchun o‘qishga kirish oliy maqsad edi. Kunni tunga ulab, uyqusizlik va tinimsizlikda o‘tgan abituriyentligim 2018 yilda talaba bo‘lish baxtini nasib etgan. Bu davr qiyinchilik va mehnat ortidan keladigan rohatning naqadar shirin bo‘lishini o‘rgatdi.

Toshkentga kelgach maqsadlarim o‘zgarmadi. O‘zimni har doim professional jurnalist sifatida ko‘rishni xohlaganman. Hali ham maqsad o‘sha-o‘sha. Lekin hayotim o‘zgargan. Hayotimni o‘zim rejalashtira boshlaganman, moliyaviy tomondan erkinlikka erishganman, ota-onamdan uzoqda mustaqil yashashga, muammolarimni imkon qadar mustaqil yechishga o‘rgandim. Bola hayotim meni yoki men uni tark etdim.

Foto: Madina Ochilovaning shaxsiy arxividan.

Boshida jurnalist bo‘lishimni dadamdan boshqa hech kim xohlamagan. «Qiyin kasb, senga to‘g‘ri kelmaydi, ertaga oila qursang, qanday qilasan?» kabi minglab tanbehlar depressiyaga tushirgan. Shunda ham dadam «maqsad qildingmi qaytma, bor jurnalistikaga topshir», deb qo‘llab-quvvatlaganlar. Onam har doim xavotir oladilar, «yozganlaring o‘zingga zarar keltirmasin!», deb ko‘p aytadilar. Hozir xavotirlari ancha kamaygan, har holda maqolalarimni o‘qib, xursand bo‘ladilar. Poytaxtda ishlashimni xohlamaganlarida hech qachon o‘qishga ham yubormagan bo‘lardilar.

Kun.uz`da ayol jurnalistlar kam. Shunga qaramay, ayol kishi bo‘lganim uchun chiqishtirmaslik yoki yomon munosabat ko‘rmadim. Aksincha, «xavfli» mavzulardan qiz-ayol jurnalistlarni himoya qilishadi, riskka qo‘yadigan holatlarga yaqinlashtirmaslikka harakat qilishadi. Muhimi ayol jurnalistlarga nisbatan hurmat bor. Buni sog‘lom ijodiy muhit deb bilaman va jamoani bunday yuksak insoniy qadriyatlarga ega insonlari uchun qadrlayman.

Foto: Madina Ochilovaning shaxsiy arxividan.

Jamiyatda ayollarga bulgan munosabatdan nima menga ko‘proq yoqmaydi? Qiz bola o‘qishi shart emas degan stereotip. O‘zim tengi qizlarga men bergan maslahatning foydasi yo‘q. O‘qiydigani o‘qib yuribdi, o‘qimaydigani turmush qurgan. O‘zimdan kichik 14−15 yoshli qizlarga «O‘qi. Bor imkoniyatlaringdan maksimal foydalan, til o‘rgan. Bir eshik yopiq bo‘lsa, boshqasini qidir, topolmasang, o‘zing yasa» degan bo‘lardim.

«Gazeta.uz» tez kunlarda intervyularning 2-qismini ham e’lon qiladi.