Tojikiston TIV AQSh elchisiga norozilik notasini topshirdi

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi AQShning respublikadagi elchisiga prezident Jo Baydenning bayonotlari munosabati bilan norozilik notasini topshirdi. «2021 yil 14 sentabrda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Tojikiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Jon Mark Pommershaym Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga taklif qilindi. Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti janob Jo Baydenning Pensilvaniyadagi o‘t o‘chirish punktiga tashrifi chog‘idagi bayonotlari munosabati bilan AQSh elchisiga norozilik notasi topshirildi», — deyiladi TIV xabarida.

Notada bunday bayonotlar do‘stona munosabatlar va sheriklik ruhiga mos kelmasligi qayd etilgan. «Tojikiston Respublikasi Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro hurmat ruhida o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor», — deyiladi xabar matnida.

Shanba kuni, Pensilvaniya shtatining Shanksvill shahrida 11 sentabr voqealari qurbonlari yodgorligiga tashrifi chog‘ida, Bayden, amerikaliklarning aksariyati Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqishni qo‘llab-quvvatlayotganini aytdi. «Amerikaliklarning 70 foizi, shuncha pul sarflanganidan so‘ng, Afg‘onistonni tark etish vaqti keldi, deb o‘ylashmoqda», deya TASS keltiradi AQSh rahbarining so‘zlarini. «Ammo buning teskari tomoni shundaki, ularga qo‘shinlarni qay tarzda olib chiqqanimiz yoqmagan. Biroq buni qanday qilib boshqa yo‘l bilan amalga oshirish mumkinligini kimgadir tushuntirish qiyin. Masalan, agar biz Tojikistonda bo‘lganimizda, biz C-130 (harbiy transport samolyotini) olib, bizga yoqqan har bir kishiga bu samolyotga chiqishga ruxsat beramiz, deb aytgan bo‘lardik, lekin bu holda ham shassini ushlab oladigan odamlar bo‘lar edi» — dedi u.


«Nikolas» dovuli Texasning 171 ming aholisini elektr ta’minotisiz qoldirdi

Birinchi toifadagi «Nikolas» bo‘roni Texas sohillariga bostirib keldi. Shamoldan tashqari, ba’zi joylarda 46 sm gacha yog‘ingarchilik va kuchli yomg‘irlar yog‘ishi, shuningdek, tornado hosil bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda AR.

Dovul shtatdagi elektr ta’minoti faoliyatida uzilishlar keltirib, 171 mingdan ortiq foydalanuvchini elektrsiz qoldirdi, deb yozadi ABC News.

Texasda seshanba kuni barcha maktablar yopiladi. Gubernator Greg Ebbott 17 okrugda favqulodda holat e’lon qildi. Bundan tashqari, aholini evakuatsiya qilish guruhlari tuzildi.

Avvalroq, AQSh janubidagi Luiziana shtatiga «Ida» dovuli bostirib kelgani, milliondan ortiq aholi elektr ta’minotisiz qolgani haqida xabar berilgan edi.


Xorvatiya 2022 yilda Shengenga, 2023 yilda esa yevro hududiga qo‘shilishni rejalashtirmoqda

Xorvatiya bosh vaziri Andrey Plenkovich respublikaning 2022 yil davomida Shengen hududiga, 2023 yil boshida esa yevro hududiga qo‘shilishiga umid bildirdi. «[Xorvatiya] hukumatining strategik loyihasi — bu Shengen zonasiga kirishdir, zonaga 2022 yil davomida qo‘shilish istagi bor, buning uchun shartlar allaqachon bajarilgan, shuningdek, yevro hududiga ham qo‘shilishdir», — dedi Plenkovich. «Umid qilamizki, biz 2023 yil 1 yanvargacha yevro hududiga qo‘shilishga tayyor bo‘lamiz», deya qo‘shimcha qildi u.

Xorvatiya Vazirlar Mahkamasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yevro hududiga qo‘shilgan mamlakatlar tajribasi bu fuqarolarga ham, iqtisodiyotga ham foyda keltirganini ko‘rsatgan.

Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskisning ta’kidlashicha, Xorvatiya iqtisodiyoti yaxshi sur’atlar bilan tiklanmoqda va kelgusida Yevropaning tiklanish va barqarorlik rejasi doirasida yordamga tayanishi mumkin. «Xorvatiya Yevropa Ittifoqi mablag‘larini eng ko‘p oluvchi hisoblanadi: [respublikaga] YAIMning 11,6 foizi miqdorida qaytarilmaydigan mablag‘ ajratilgan», — dedi u. — TASS.


Qozog‘iston Olmaotada Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatadigan BMT markazini yaratishni taklif qildi

Qozog‘iston rasmiylari Afg‘onistonga gumanitar yordam yetkazib berish maqsadida Olmaotada BMTning logistika markazini yaratishni taklif qildi. Bu haqda Qozog‘iston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Talgat Kaliyev (Qozig‘iston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili — tahr.) Qozog‘iston Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarga muhim hissa qo‘shishga tayyorligini aytib, xususan, BMT shafeligida Olmaotada xalqaro gumanitar logistika markazini yaratish tashabbusini ilgari surdi», deyiladi xabarda. Bunday taklif bilan Kaliyev BMTning Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyasida so‘zga chiqdi. Ta’kidlanishicha, markaz xalqaro gumanitar yordamni Afg‘onistonga xavfsiz tarzda yetkazib berishni ta’minlash uchun mo‘ljallangan bo‘ladi.

Afg‘onistonga oid so‘nggi xabarlar:

  • Dushanba kuni Kobul xalqaro aeroporti xodimlari, jumladan ayollar ham o‘z ish joylariga qaytishdi. «Bizdan ishga kirishishni so‘rashganidan xursandmiz. Biz hozir hukumatdan maosh to‘lashini ham istaymiz. Hozircha biz tekin ishlayapmiz», — dedi aeroport terminallaridan birining xodimi Zahra Amiri. Ma’lumotlarga ko‘ra, Kobul aeroporting kamida 100 nafar xodimasi o‘z ish joyiga qaytgan. — Tolo News.
  • «Tolibon» hokimiyatga kelganidan so‘ng, Afg‘onistonda kamita 153 ta OAV o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bunga moliyaviy muammolar va yangi hokimiyat tomonidan qo‘yilgan cheklovlar sabab bo‘lgan. — Tolo News.
  • Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasiga (ASEAN) a’zo davlatlar Afg‘onistondan qochqinlarni qabul qilishni yoki bu mamlakat aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatishni rejalashtirmayapti, deya ma’lum qildi Singapur tashqi ishlar vaziri Vivian Balakrishnan.
  • Avstriya kansleri Sebastyan Kursning ta’kidlashicha, mamlakat hukumati Afg‘onistondan bitta ham qochqinni qabul qilmaydi. «Biz o‘z mamlakatimizda bir nafar ham afg‘on qochqinini qabul qilmaymiz. Toki men hokimiyatda ekanman bunday bo‘lmaydi», — deydi u. Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda 44 mingdan ortiq afg‘onistonlik Avstriyaga kelgan. Biz real pozitsiyadamiz — afg‘onlarning integratsiyasi juda qiyin kechadi", — deydi Kurs. Uning aytishicha, bu qiyinchiliklar, xususan, «asosan past» bo‘lgan ta’lim darajasi, shuningdek, asosiy qadriyatlardagi farqlar bilan bog‘liq. Kansler Avstriya «Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratayotganini va mintaqadagi afg‘onlarni himoya qilish va yordam berish uchun 20 mln yevro ajratishini» ta’kidladi. — La Stampa.
  • Xitoy hukumati Afg‘onistonga oziq-ovqat va dori-darmon sifatida 200 mln yuan (taxminan 31 mln dollar) qiymatda gumanitar yordam, shuningdek, COVID-19'ga qarshi vaksinasining 3 mnl dozasini taqdim etadi. Bundan tashqari, Ispaniya 20 mln yevro, Italiya 150 mln yevro miqdorida Afg‘onistonga gumanitar yordam ajratadi. Italiya taqdim etayotgan mablag‘lar Afg‘oniston qo‘shnilariga ham taqsimlanadi.

Yangi Zelandiya tub aholisi mamlakat nomini o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqishdi

Yangi Zelandiyaning Maori partiyasi mamlakat nomini rasman mahalliy nom — «Aotearoa»ga o‘zgartirish to‘g‘risida petitsiya tuzdi. Murojaat mualliflarining fikricha, Yangi Zelandiya rasman besh yil ichida o‘z nomini o‘zgartira oladi. «Aotearoa — bu mamlakatni bo‘lmaydigan, birlashtiradigan nomdir», deb ta’kidlashdi ular.

Bundan tashqari, petitsiyada mamlakatning barcha shaharlarini asl maori nomlariga qaytarishga chaqirildi.

Avvalroq, Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern mamlakat nomini o‘zgartirish masalasi kun tartibida emasligi, biroq u Aotearoa nomini kengroq ishlatish tarafdori ekanligini ta’kidlagan edi.

The Guardian’ning eslatishicha, 49 yil avval maori tili mamlakatning rasmiy tili sifatida qabul qilingan edi. — The Guardian.


Shuningdek:

  • Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi 12−15 yoshli bolalar yaqin orada COVID-19'ga qarshi emlanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bolalarga Pfizer vaksinasining birinchi dozasi taklif qilinadi.