14 sentabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyatni hisobga olgan holda mintaqa kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, davlat rahbarlari bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasini ko‘rib chiqdilar.

Eslatib o‘tamiz, dushanba kuni prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov SHHT mamlakatlari davlat rahbarlarining Dushanbedagi sammitida Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan uchrashishi haqida xabar bergan edi.

Biroq, seshanba kuni Rossiya prezidentining atrofidagilarda COVID-1 bilan kasallanish holati aniqlangani sababli, u o‘zini-o‘zi yakkalashiga to‘g‘ri keldi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning qo‘shimcha qilishicha, davlat rahbari muloqot qiladigan bir necha kishi koronavirus bilan kasallangan. Shundan keyin Vladimir Putin test topshirgan. «Prezident to‘la sog‘lom», — dedi Kreml vakili.

Vladimir Putin o‘z faoliyatini videokonferensiya rejimida davom ettirishi ma’lum qilindi.