O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida bukmekerlik faoliyatini tartibga soluvchi qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha muhokama qilindi, deya xabar bermoqda Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyev.

Deputat prezident farmoniga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatini litsenziya bilan amalga oshirishga ruxsat berilganligi, lekin amaliyotda bukmekerlik faoliyatini tashkil etish hamda litsenziyalash bo‘yicha aniq mexanizm hukumat tomonidan haligacha ishlab chiqilmaganligini eslab o‘tdi.

Qo‘shimcha qilinishicha, farmonda mas’ul vazirlik va idoralarga 2020 yil 1 iyunga qadar bukmekerlik faoliyati bo‘yicha Jinoyat kodeksi (JK) va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga (MJtK) tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar kiritish topshirilganiga qaramay, bu topshiriq ijrosi bo‘yicha ham kodekslarga tegishli o‘zgaritirshlar kiritilmagan.

«Demak, amaldagi qonunlarmizga ko‘ra hozirda O‘zbekiston Respublikasida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni (jumladan, bukmekerlik faoliyati) tashkil etish MJtKning 191-moddasi va JKning 278-moddasiga asosan ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi», — deb yozadi deputat.

Doniyor G‘aniyevning ma’lum qilishicha, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan bukmekerlik faoliyatini qonun jihatdan tartibga solish maqsadida qonun loyihasi ishlab chiqish taklif etilmoqda.

Mazkur qonun loyihasida O‘zbekistonning ba’zi qonunlariga, xususan, Fuqarolik kodeksi, JK, MJtK, Soliq kodeksi va boshqa qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilmoqda.

«Jumladan, bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish mexanizmlari, litsenziya berish tartib-taomillari, bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishdagi cheklovlar, bukmekerlik sohasi ustidan davlat nazorati, qimor va garov o‘yinlarida ishtirok etuvchi jismoniy shaxslar uchun qo‘yiladigan talablar, shuningdek, voyaga yetmagan shaxslarni qimor va garov o‘yinlari (betting)dan himoya qilish masalalari hamda bukmekerlik faoliyati qoidalarini buzganlik, kelishilgan o‘yinlar o‘tkazish va ularda qatnashish uchun javobgarlikni belgilashga oid normalarni aks ettirish maqsad qilingan», — deb yozadi quyi palata a’zosi.

Deputatning qayd etishicha, u qonun loyihasida faqatgina mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar tomonidan respublika hududida bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berish taklifini ilgari surgan. Shuningdek, u bukmekerlik xizmatini ko‘rsatuvchi barcha norezident kompaniyalariga O‘zbekiston bank tizimidan to‘lovlar amalga oshirilishini taqiqlash kerakligini ta’kidlagan. Bundan tashqari, Doniyor G‘aniyev bukmekerlik faoliyati reklamasi va targ‘ibotiga ruxsat bermaslik, jismoniy shaxslarga qimor o‘yinlarida o‘ynashi ruxsat etiladigan pul miqdorlarining maksimum chegarasini belgilash kabi normalarni ham aks ettirish taklifini bildirgan.

Avvalroq «Gazeta.uz» bugunga qadar mamlakat hududida bukmekerlik va totalizator faoliyatini amalga oshirish uchun hech kimga litsenziya berilmagani haqida yozgan edi.

Eslatib o‘tamiz, XDP fraksiyasining yig‘ilishida ham bukmekerlik faoliyatini huquqiy tartibga solish masalasi muhokama qilingan edi. Bir qator qonunlarga bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish mexanizmlarini nazarda tutuvchi normalar kiritish taklif etilgan edi.