13 sentabr oqshomida Andijonda yo‘l transport hodisasi tufayli shahar IIO FMB 4-son IIB xodimlari va fuqaro o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi.

Voqea haqida blogerlar Zafarbek Solijonov va Nurbek Alimov o‘z Telegram-kanallarida xabar berishdi. Ular ehtimoliy jabrlanuvchining o‘zi tomonidan tayyorlangan videolarini e’lon qilishdi. Videoda bo‘limda haydovchi bo‘lib ishlayotgan erkak video muallifiga kuch ishlatib, kaltaklaganligi qayd etilgan.

Bosh prokuraturaning xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan joriy yilning 14 sentabr kuni Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, tergov ustidan Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat o‘rnatilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 44 yoshli Alijon Abdukarimov Andijon IIO FMB 4-son IIBda qiynoqqa solinishi natijasida vafot etgan edi. Uning o‘limida aybdor deb topilgan ichki ishlar organlari xodimlariga 10, 9 va 8,5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.

Shu yilning iyul oyida Andijon shahar deputati Jahongir Jiyanov shahar IIB xodimlari fuqaroning qo‘lini sindirgani haqida xabar berdi. Bosh prokuratura Andijon shahar prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazayotganini ma’lum qilgan edi. IIV matbuot kotibi esa fuqaroga IIB xodimlari tomonidan jarohat yetkazilganini rad etdi. O‘shanda viloyat IIB xodimlar fuqaroni uyiga olib borishganida uning tanasida jarohatlar bo‘lmaganini, buni guvohlar va kameralardagi yozuvlar tasdiqlaganini ta’kidlagan edi. Shahar prokuraturasi holatni o‘rganishi haqida ma’lum qilgan edi, lekin o‘rganish natijalari haqida ma’lumot berilmadi.