O‘zbekiston hukumati 14 sentabr, seshanba kuni Afg‘onistonning Balx viloyati shimolidagi Hayraton chegara o‘tish punkti orqali afg‘on xalqiga gumanitar yordamning katta partiyasini yubordi, deb xabar bermoqda Ariana News.

O‘z ichiga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va kiyim-kechaklarni olgan 1,3 ming tonnalik insonparvarlik yuki mamlakat rasmiylariga topshirildi.


Foto: TheKillidGroup

Yukni qabul qilish marosimida Zabihulla Mujohid va Islom amirligining boshqa rasmiy vakillari ishtirok etdi. Suratlarda O‘zbekiston tomonidan Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev qatnashganini ham ko‘rish mumkin.

Mazkur yordam butun mamlakat bo‘ylab kam ta’minlangan afg‘on oilalariga tarqatiladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Afg‘onistonda, birinchi navbatda, gumanitar inqirozning oldini olish kerakligini ta’kidlagan edi.«Buning uchun biz mamlakatdagi haqiqiy real hokimiyat bilan ish olib borishimiz kerak. Boshqa yo‘l yo‘q», — degan edi u.