O‘zbekiston prezidentining joriy yil 15 iyuldagi «Respublikada o‘simliklar karantini va himoyasi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga asosan «Agrobank»ga bir qator aniq vazifalar berilgan edi.

Ushbu topshiriqlar ijosini ta’minlash maqsadida «Agrobank» tashabbusi bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Toshkent davlat agrar universiteti, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi va bir qator ilmiy tekshirish institutlari bilan hamkorlikda Fermerlar maktabida o‘simliklarni himoya qilish yunalishida intensiv kurslar yo‘lga qo‘yildi.

Intensiv kursiga qabul jarayonlari onlayn-so‘rovnomalar topshirish orqali bo‘lib o‘tdi. Jami 680 ta nomzod o‘qish istagini bildirgan holda so‘rovnomalar topshirgan bo‘lsa, shundan 35 ta tinglovchi yozma va suhbat asosida baholanib o‘qishga tavsiya etildi.

Tinglovchilar 13 sentabrdan o‘qishlarini boshlaydi. O‘quv kurslarida yettita yo‘nalishda, ya’ni entomologiya, nematologiya, gerbalogiya, virusologiya, toksikologiya hamda tuproq tahlili yo‘nalishlarida chet el tajribasiga ega bo‘lgan professor o‘qituvchilardan uch oy mobaynida nazariy va amaliy bilimlar olishadi.

Nazariy bilimlar Fermerlar maktabida o‘zlashtirilsa, o‘simliklar himoyasi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bir qator laboratoriyalarda amaliy bilimlarni orttirish mumkin bo‘ladi.

Mazkur yunalishda bir yil mobaynida 200ga yaqin mutaxassislar tayyorlash rejalashtirilgan.

Intensiv kursdan asosiy maqsad — o‘simliklarni himoya qilish yo‘nalishlarida o‘simliklar klinikasi hamda biolaboratoriyalar uchun malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.

O‘quv kurslari bilan bog‘liq barcha xarajatlar to‘liq «Agrobank» tomonidan moliyalashtiriladi va bank ushbu sohaga ilmiy innovatsiyalarni joriy qilishni davom ettiradi.

Reklama huquqlari asosida.