16−17 sentabr kunlari prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

16 sentabrda davlat rahbari Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan, 17 sentabr kuni esa Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

17 sentabr kuni esa davlat rahbarlarining yig‘ilishi o‘tkaziladi. Yig‘ilish yakunida SHHTga raislik Tojikistondan O‘zbekistonga o‘tadi.

«Ko‘plab xorijiy ekspertlarning fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan keyingi besh yilda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar hisobga olinsa, O‘zbekistonning SHHTga raisligi xavfsizlik va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega bo‘ladi», — deya ta’kidladi Sherzod Asadov.

O‘sha kuni yangi formatdagi «Shanxay hamkorlik tashkiloti — Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti» uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda tomonlar Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qiladilar.

Shuningdek, hafta davomida prezident huzurida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga oid taqdimotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.