11 sentabr kuni soat 08:45 da Gazarak-Tortuli yo‘nalishi bo‘yicha yuqori tezlikda harakatlanayotgan Matiz avtomobili yo‘lni kesib o‘tayotgan qizni urib yuborgan. Shundan so‘ng haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, mashina yo‘l chetidagi daraxtga urilgan. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar berdi.

YTH oqibatida qiz og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaga olib borilgan va shu yerda vafot etgan. Haydovchi va yo‘lovchi ham shifoxonaga yotqizilgan.

Ta’kidlanishicha, mazkur yo‘l mahalliy ahamiyatga ega bo‘lib, bu yerda harakat tezligi soatiga 70 kilometr bo‘lishi kerak. Bu qismda dislokatsiyada piyodalar o‘tish yo‘lakchasi o‘rnatish ko‘rsatilmagan. Hozirda bu yerda aholi gavjumligi hisobga olib, yo‘lakcha o‘rnatishga kelishib olingan.

Viloyat YHXB bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Turdiyevning ma’lum qilishicha, “avariya” sodir bo‘lgan hududda yo‘l belgilari o‘rnatilgan, yo‘l yotiq chiziqchasi mavjud emas. Ushbu joyda piyodalar yo‘lakchasi tashkil etish hamda tezlikni cheklovchi belgilar o‘rnatish yuzasidan Sariosiyo tuman hokimligiga so‘rovnoma kiritilgan.