4 sentabr kuni Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Ishtixon tumanida sayyor qabul o‘tkazdi. Ushbu qabul davomida hokim ishtixonlik fuqaro Oybek Madatov bilan suhbatda bo‘ldi.

Viloyat hokimligi taqdim etgan videolavhaga ko‘ra, fuqaro hokimga mas’ul shaxslar ustidan nogironlik aravachasi bermayotgani haqida shikoyat qilgan. Erkinjon Turdimov esa “Iya, hozir beramizda aravani”, deya mas’ullarga “aravang bormi?”, deb savol berdi. Hokim ijtimoiy himoya sohasi vakillaridan birini chaqirib, “ko‘z oldimda o‘tkaz aravaga, olib kelib qo‘ysang bo‘lmaydimi 2−3 ta arava, hozir ber”, dedi.

Foto: Videodan lavha.

Fuqaro Oybek Madatov hokimdan poyabzal ustaxonasi qurib berishini so‘raganida, Erkinjon Turdimov undan narxini so‘radi. Fuqaro bilmasligini aytganida, hokim “Milliy bank” xodimini chaqirdi. Hokim fuqarodan ismini so‘raganidan keyin, Oybek Madatov “Milliy bank” xodimiga qarata “E, bu kishi „uxlatadi“”, deya javob berdi. Hokim “uxlatmaydi, hozir boshqacha yo‘l tutamiz”, deya bank xodimiga sendvich paneldan poyabzal ustaxonasi qurishini, uning ichiga esa etikdo‘zning narsalarini qo‘yishini buyurdi. “Shuni yasaysanda, hokimiyatning oldiga olib borib qo‘yasan”, dedi Erkinjon Turdimov. “Necha kunda bitirasan? Bir hafta. Hokimiyatning kirish joyi oldiga qo‘yasan”, deya qo‘shimcha qildi viloyat hokimi. Hokim etikdo‘z uchun kerakli narsalarni sanadi: “boltacha, mix, botinka, molotok, ip, bigiz” va ushbu jihozlarni ham olib kelishni buyurdi. Fuqaro “bu narsalar ko‘p-ey, o‘zim ham qilib olaman”, dedi.

“Hokim buva, meni hijolat qilib yuboryapsiz”, dedi fuqaro hokimga. Hokim fuqarodan “xotining bormi? Qachon uylanasan?”, deb so‘radi. “Nasib bo‘lgan vaqtda uylanamizda”, deya javob qaytardi Oybek Madatov. Hokim biryo‘la uni uylantirishini aytdi. “E, qo‘ying-e hokim buva, o‘zimni qornimni zo‘rg‘a to‘yg‘izaman, xotinimni qanday boqaman”, deya javob berdi fuqaro. “To‘xtab tur, kallani qotirma” deya javob berdi hokim.

Hokim mas’ullar ichidan Nilufar ismli shaxsni chaqirdi. “Siz bunga qiz topasiz” degandan keyin fuqaro “kerakmas-e”, dedi. Hokim “nega kerakmas ekan? Kallani qotirma”, deb javob berdi yana.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov. Foto: Videodan lavha.

Erkinjon Turdimov fuqarodan uyi bor yoki yo‘qligini so‘radi. “Dadamlar bilan turaman, bitta xonacham bor”, deya javob berdi u. Hokim “profsoyuz"ni (Kasaba uyushmalari federatsiyasi — tahr.) chaqirdi. Fuqaro hokimga “odamni xijolat qilyapsiz, uy olib beraman demang yana” dedi va hokim “uy olib bermayman” deb javob qaytardi.

Erkinjon Turdimov Kasaba uyushmalari federatsiyasi xodimiga Oybek Madatovning uyiga borishini, “otasining uyida buning kichkina uychasi borligini, o‘sha uychani chiroyli qilib remont qilishini, bitta televizor, bitta divan va uning tagiga gilam to‘shashini” aytdi. Fuqaro uyida gilam yo‘qligini ta’kidladi. “Keyin uylantiradigan qilib kiyim-bosh olasiz”, deya buyurdi.

Keyin fuqarodan poyabzal ustaxonasini qayerga joylashtirishini so‘radi. “Bozorni oldidagi avtomobillar joylashgan joyga” poyabzal ustaxonasi qo‘yilishi aytildi.

Oybek Madatov. Foto: Videodan lavha

“Oybek, hokimga bir murojaat qilibsan. Ba’zilarga biror narsa beraman desang, yana so‘rayveradi. Sen esa „e, menga nima kerak“, deyapsan. Hamma narsam bor deganing uchun yordam berayapmiz. Davlat yordam berayapti”, — dedi Erkinjon Turdimov. Fuqaro hokimga “bitta mol olib bersangiz bo‘ldi”, dedi. Hokim shuni ham olib berishini, mas’ullarga “yana yo‘talsa o‘lib qoladigan mol olib bermasligini, kamida 8−10 litr sut beradigan mol olishini” aytdi.

Fuqaro “hozir aravachani olaylik oldin” deya suhbatni yakunladi.

9 sentabr kuni Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati Oybek Madatov xonadonidan reportajni e’lon qildi. Oybek Madatov hokim bilan o‘tkazilayotgan sayyor qabul haqida o‘zi bilmaganligini, bir odamdan eshitib borib qolganligini aytdi.

Oybek Madatov. Foto: Videodan lavha

“Arava bilan ustaxona ochib berarmikin, deb borgandim. Kredit olmoqchi edim ustaxona ochaman, deb, shunga borgandim. Yetti uxlab tushimga kirmagan bunaqa narsalar bo‘lishi. Kosibchilik qilamanda ermak qilib. Bir-ikki so‘m ro‘zg‘orga orttirsak amallab”, — deydi u.

Viloyat hokimligi taqdim etgan videolavhadaga ko‘ra, Oybek Madatovning uyida qurilish ishlari bo‘lyapti. Shuningdek, uning xonadoniga sigir olib kelingan.

Foto: Videodan lavha.

“Ustachilikka qiziqib, avvaldan ustachilik qilib yurganman. U yer, bu yerda ishlab yurganman. Oyog‘im kesilganidan keyin kosibchilikni o‘rganganman. Uyda yotgan bilan biror narsa o‘zgarmaydi. Nogironman, deb yotishni o‘zi bo‘lmaydiku. Hamma narsa o‘zgardi. Uylar o‘zgardi. Avval juda ham charchagan holda edi. Gilam, televizor olib kelib berishdi. Uy ichini tayyor remont qilib berishdi. Divan, sigir, televizor, kostyum-shim, spartivka olib berdi. Hamma narsa qilib berdi”, — deydi Oybek Madatov.

Oybek bu narsalarni kutmaganligini aytadi. “Bo‘lmasa kerak. Aytildi-qo‘ydi, degandim. Ha, endi uylantirishadi (kuladi). Qiz topildi, gaplashib kelindi. Endi faqat olib kelish qoldida. 1−2 kun kutinglar deyishdi, „ha“ deb keldik. Buyog‘i zo‘r bo‘lib ketadi endi, nasib bo‘lsa”, — deydi u.

“Mening oltita farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im bilan men nafaqadamiz. Prezidentimizga ming marta shukr, bizga shunday sharoit yaratib berildi o‘g‘limiz orqasidan. Biz bu narsani kutmagan edik. Bu narsa uxlab tushimizga ham kirib chiqmagan. O‘g‘lim borganini biz o‘zimiz ham bilmaymiz. Bizning qo‘limizdan kelmaydigan narsa, bu aravachani olib berolmasdik, “butka"cha qilib berolmasdik. Qo‘limizdan kelmas edi. Mana davlatimiz yordam qildi. Endi kichkina bo‘lgandan keyin uy-joylar buniki. Har doim bolalarni boshiga omon bo‘laylik, bolalar ot-onasini yuzini yerga qaratmaydigan insonlar bo‘lishsin”, — deydi Oybek Madatovning otasi.

Oybek Madatovning otasi. Foto: Videodan lavha

Shuningdek, videolavhada Oybek Madatovning poyabzal ustaxonasidagi ish jarayoni ham ko‘rsatilgan.