Spot nashri «Etaji» ko‘chmas mulk agentligi tomonidan maxsus tayyorlangan tahlillarga tayanib, avgust oyi yakuniga ko‘ra Toshkentda ikkilamchi turar joy bozorida o‘rtacha narxlarga sharh berdi.

Unga ko‘ra, Toshkentda avgust oyida ikkilamchi uy-joy bozorida o‘rtacha narx har kvadrat metrga 7,5 mln so‘mni, birlamchi bozorda taklif qilinayotgan narxlar esa har kvadrat metrga 8,4 mln so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, tumanlar kesimida o‘rtacha narxlar quyidagi ko‘rinishga ega (so‘mda):

  1. Yakkasaroy — 8,7 mln
  2. Mirobod — 8,7 mln
  3. Shayxontohur — 8,3 mln
  4. Mirzo Ulug‘bek — 8,1 mln
  5. Yunusobod — 8,0 mln
  6. Chilonzor — 7,8 mln
  7. Uchtepa — 7,0 mln
  8. Olmazor — 6,5 mln
  9. Yashnobod — 6,5 mln
  10. Sergeli — 5,0 mln
  11. Yangihayot — 4,8 mln
  12. Bektemir — 4,5 mln

Agentlikning ma’lum qilishicha, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlarida kvadrat metr narxi shahar markazidan qancha uzoqlikda joylashishiga ko‘ra keskin farq qiladi. Shahar markazidagi turar joylarning bir kvadrat metr narxi 15 mln so‘mgacha yetishi mumkin.

Qayd etilishicha, avgustda ikkilamchi bozorda eng yuqori ulush ikki xonali va uch xonali kvartiralar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Avgust oxiriga kelib har ikkala taraf — talab ham, taklif ham birdek faollashgan. Agentlik buni poytaxtda epidemiologik vaziyatning yaxshilanishi, mavsumiy ta’tillar tugashi va harorat pasayishi bilan izohlaganligi aytilgan.

«Ejati» sentabr va oktabr oylarida shunday faollik saqlanib qolishini bashorat qilmoqda.