Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 sentabr kuni xirurgiya xizmatini transformatsiya qilishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining tibbiy-ilmiy salohiyati, hududlarda o‘tkazilgan ko‘riklar natijalari haqida ma’lumot berildi. Bugungi kunda ushbu markazlar bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda. Ularning har biri 50 o‘ringa ega bo‘ladi.

Xabarga ko‘ra, taqdimotda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi shifoxona misolida ko‘rib chiqildi. U Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlari aholisiga xizmat ko‘rsatadi.

Ma’lum qilinishicha, davlat rahbari tumanlararo markazlarda qilinadigan jarrohlik amaliyotlari turini 79 taga, viloyat darajasida 168 tagacha yetkazish mumkinligini ta’kidlab, buning uchun zarur sharoit yaratish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qo‘shimcha qilinishicha, respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida kardiojarrohlik, transplantologiya va neyro-qon-tomir jarrohligi bo‘limlari uchun yangi bino qurilmoqda.

Shuningdek, ta’kidlanishicha mamlakatda 500 nafar bemor jigar, 1 ming 500 nafar kishi buyrak transplantatsiyasi amaliyotiga muhtojligini bildirmoqda. Jarrohlik bo‘limlarining jihozlanishi talab darajasida emasligi, malakali mutaxassislar yetishmasligi, immunogenetik tekshiruvlar laboratoriyasi yo‘qligi soha rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

«Shu bois Respublika xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini transplantologiyaga yo‘naltirib, immunogenetik laboratoriya va simulyatsion markaz tashkil etish, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida buyrak transplantatsiyasini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan», — deyiladi xabarda.

Davlat rahbari ilg‘or texnologiyalar asosida tashxislash, operatsiya qilish va davolash bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash,chet ellardagi yetakchi tibbiyot muassasalariga malaka oshirishga yuborish zarurligini ta’kidlagan.

«Moliya vazirligiga bu maqsadlar uchun zarur mablag‘ ajratish, transplantolog jarrohlarga ish haqini tabaqalashtirilgan tarzda to‘lash tizimini joriy qilish vazifasi qo‘yildi», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.