13 sentabr kuni O‘zbekistonga koronavirusga qarshi 1,2 mln dozadan ortiq Pfizer/BioNTech vaksinasi olib kelindi. U Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati tomonidan COVAX global vositasi orqali beg‘araz ko‘mak sifatida taqdim etilgan.

Yukni qabul qilish marosimida sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev, AQShning Toshkentdagi elchisi Daniyel Rozenblyum, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili Liann Kuppens va YUNISEF vakolatxonasi rahbari Munir Mammedzade ishtirok etdi.

Tadbirda e’lon qilinganidek, ushbu vaksina bilan butun mamlakat bo‘ylab 18 yoshdan oshgan fuqarolarni emlash mumkin bo‘ladi. U maxsus muzlatgichlar orqali hududlarga yetkaziladi.

YUNISEF bolalar jamg‘armasi umumiy hajmi 3 ming 64 litr bo‘lgan sakkizta o‘ta past haroratli muzlatgichni sotib oldi va yetkazib berdi. Bu Pfizer/BioNTech vaksinasining 1,2 mln dozasini ishlab chiqaruvchi tomonidan tavsiya etilgan sovuqlik talablariga muvofiq -70 °C darajada saqlash uchun yetarli. Tegishli emlash xodimlari vaksinani to‘g‘ri saqlash va qo‘llash bo‘yicha o‘qitildi.

O‘zbekistonga COVAX dasturi doirasida yaqin oylarda qo‘shimcha dozadagi vaksinalar keltirilishi kutilmoqda, deya ma’lum qildi YUNISEF.

Ayni paytda O‘zbekistonda ZF-UZ-VAC2001, AstraZeneca, «Sputnik V» va Moderna vaksilaridan foydalanilmoqda. Pfizer/BioNTech vaksinasi O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan 5-vaksina bo‘ldi.

Bugungi kunga qadar O‘zbekiston jami 24 mln dozadan ortiq vaksinalarni qabul qilgan (jumladan, xitoy-o‘zbek ZF-UZ-VAC2001, Rossiyaning «Sputnik V», AstraZeneca va AQShda ishlab chiqarilgan Moderna). Hammasi bo‘lib 16,8 mln doza ishlatilgan, 3,1 mln kishi to‘liq emlangan.