Futzal bo‘yicha jahon chempionati guruh bosqichining birinchi turida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Gvatemala bilan kechgan o‘yinda imkoniyatni boy berdi. 12 sentabr kuni Litvada bo‘lib o‘tgan o‘yin 4:5 hisob bilan yakunlandi.

Hisobni uchrashuvning 4-daqiqasida Fernando Kampanyak ochdi, bir daqiqa o‘tib Marvin Sandoval ustunlikni yana bitta to‘pga oshirdi. 6-daqiqada Ixtiyor Ropiyev hisobdagi farqni bitta golga qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi, biroq raqiblar bunga darhol javob qaytarishdi — 7-daqiqada Alan Agilar yana bitta golni o‘z jamoasi hisobiga yozdi. Birinchi taym 1:3 hisobida yakunlandi.

Gvatemalaliklar ikkinchi taymni ham tezkor gol bilan boshlashdi — navbatdagi gol 22-daqiqada Marvin Sandoval tomonidan darvozaga kiritildi. Yana Ixtiyor Ropiyev mualliflik qilgan ikkita gol, shuningdek, Alvaro Romanning avtogoli O‘zbekiston terma jamoasiga hisobni tenglashtirish imkonini berdi. Baxtga qarshi, o‘yinning so‘nggi daqiqasida Alan Agilar yakuniy golni kiritdi — hisob 4:5.

«B» guruh ikkinchi turida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Rossiya terma jamoasi bilan uchrashadi. O‘yin 15 sentabrda bo‘lib o‘tadi.

Manba: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi