Ijtimoiy tarmoqlarda IIO xodimlari va fuqarolar o‘rtasidagi ziddiyatli vaziyat aks etgan videolavhalar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan poytaxt IIBB izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, 12 sentabr kuni taxminan soat 12:20 larda Chilonzor tumanidagi Bunyodkor va KXAY ko‘chalari kesishmasida YPX inspektorlari Cobalt avtomobil haydovchisi 35 yoshli B. U. ni yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun to‘xtatgan.

Qayd etilishicha, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga bayonnoma rasmiylashtirish jarayonida yo‘l chetida to‘xtab turgan avtomobil haydovchisi 29 yoshli T. R. aralashgan. U xodimlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilib, janjal ko‘targan. Shuningdek, ichki ishlar organi xodimiga faol qarshilik ko‘rsatib, tan jarohati yetkazgan.

«Huquqbuzarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yish maqsadida yaqin orada xizmat olib borayotgan PPX xodimlari yetib kelishgan. IIO xodimlari T. R. ni yaqin oradagi IIBga olib ketish uchun transport vositasiga utqizish jarayonida aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Ta’kidlanishicha, janjal ishtirokchilari Chilonzor tumani IIO FMBga olib borilgan. Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

«Tekshiruv yakuni bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy faoliyatiga qarshilik ko‘rsatgan barcha fuqarolarning shaxsi aniqlanib, ularning qilmishiga huquqiy baho beriladi va ularga nisbatan qonuniy chora ko‘riladi», — deyiladi xabarda.