O‘zbekistonda sotuvchilar to‘lovlarni kartadan kartaga o‘tkazish (p2p-o‘tkazmalar) yo‘li bilan amalga oshirish holatlari soni ortib bormoqda. Spot.uz ushbu mavzuda o‘rganishlar olib bordi.

O‘tkazilgan monitoring davomida ayrim bozorlarda, masalan, mebel va texnikalar sotib olishda, restoran yoki servis markazlarida, qariyb har uchinchi holatda sotuvchilar qo‘llarida karta va ishlab turgan terminal bo‘lishiga qaramasdan, pulni kartaga o‘tkazib berishni so‘rashmoqda.

Pulni terminalga tushirish o‘rniga, kartasiga o‘tkazib olish orqali sotuvchilar soliqqa tortiladigan mablag‘lar hajmini kamaytirishni xohlashmoqda, deya aniqlik kiritdi nashr. Hujjat bo‘yicha bunday holatda kompaniya hech qanday xizmat ko‘rsatmagan, hech narsa sotmagan bo‘lib chiqadi — shunchaki, bir odam boshqa odamning kartasiga pul o‘tkazgan bo‘ladi. To‘lov xizmatlari tomonidan pul o‘tkazganlik uchun olinadigan foiz xarid qiymatining kamayishida hisobga olinadi. «Gazeta.uz» muxbiri ham ayrim do‘kon va umumiy ovqatlanish muassasalarida shu kabi holatlarga duch keldi.

UZCARD statistikasiga ko‘ra, yil boshidan buyon terminallar orqali to‘lovlar soni haqiqatdan ham kamaygan. To‘lovchilar soni 2 foizga, to‘lovlar hajmi 6 foiz va tranzaksiyalar soni 13 foizga kamaygan.

Ayni vaqtda p2p-o‘tkazmalar soni keskin — 2,7 barobarga oshgan. Foydalanuvchilar soni 30 foizga, o‘tkazmalar hajmi esa 2,5 barobarga oshgan. O‘tkazmalarning o‘rtacha miqdori 253 ming so‘mni tashkil etgan, deb yozmoqda Spot.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Besh tashabbus harakati» yoshlar forumida bunday holatlarga ham to‘xtalib, p2p-o‘tkazmalarni «katta muammo» deb atagan edi.

«Do‘konda bir jismoniy shaxsdan boshqasiga pul o‘tkazilsa, bu savdo deb hisoblanilmaydi. Pul aylanmaga tushmaydi, o‘z navbatida sotuvchi soliq to‘lamaydi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, soliqlardan qochgan sotuvchi boshqa tadbirkorlarga nisbatan raqobatda ustunlikka ega bo‘ladi. Maqsadi — QQS yoki boshqa soliqlarni to‘lamaslik.

«Masalan, shartli tadbirkor Alisher qonunlarni buzmaydi, natijada uning mahsuloti bir oz qimmatroq bo‘ladi, yagar men soliq to‘lamasam va qonunni buzsam, mening mahsulotim arzonroq bo‘ladi va men ko‘proq sota olaman. Halol ishlayotgan tadbirkor esa kasodga uchraydi. Shuning uchun jamiyatda qonun buzilishiga qarshi nafrat bo‘lishi kerak. Agar sotuvchi QR-kodli chek bermasa, uning mahsulotini sotib olmang», — dedi u.

2021 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston davlat budjeti daromadlari 74,9 trillion so‘mni yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,7 trillion so‘m (+ 28,7%) ko‘proqni tashkil etdi. Sherzod Qudbiyevning so‘zlariga ko‘ra, soliq tushumlari hajmi soliq yukining oshishi hisobiga emas, balki yalpi ichki mahsulotning qariyb 50 foizini tashkil etuvchi «yashirin iqtisodiyot»dagi tovar aylanmasini legallashtirish hisobiga oshgan.