Toshkent shahar IIB matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Malika» savdo majmuasi oldida pichoqbozlik bo‘lganligi haqidagi videoxabar bo‘yicha munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 12 sentabr kuni taxminan soat 12:00 larda Shayxontohur tumani KXAY va Labzak ko‘chalari kesishmasi yonida joylashgan kafening oldida «Malika» savdo majmuasida telefon savdosi bilan shug‘ullanuvchi bir nechta fuqarolar o‘rtasida janjal yuzaga kelgan.

Janjal natijasida 1977 yilda tug‘ilgan T.B. ko‘krak qafasi sohasida sanchilib kesilgan jarohatlari bilan vafot etgan. Shuningdek, 1988 yilda tug‘ilgan M.A. bir necha joyidan sanchilib kesilgan jarohatlari bilan tibbiyot muassasasiga olib borilgan.

«Jinoyatni sodir etishda gumonlanayotganlarni aniqlash, shuningdek jinoyat guvohlari bilan tergov harakatlarini amalga oshirish uchun janjalda ishtirok etgan barcha shaxslar ichki ishlar bo‘limiga olib borilgan. Ushbu shaxslarni ichki ishlar bo‘limiga olib borish jarayoni aks etgan video, shuningdek, voqea joyini o‘rab olib, ko‘zdan kechirish jarayoni aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan», — deyiladi xabarda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 1-qismi («Qasddan odam o‘ldirish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Malika» savdo majmuasida bu kabi holatlar tez-tez sodir bo‘lib turadi. Xususan, o‘tgan yilning dekabrida 21 yoshli fuqaro majmuaning kirish qismida 27 yoshli fuqaroning bel va lunj qismlariga o‘rtacha og‘ir darajadagi jarohatlarni yetkazgan edi.

Bundan tashqari, 2018 yilning iyul oyida muqaddam sudlangan Saidno‘’mon Akbarov «Malika» savdo majmuasi avtoturargohida o‘zaro janjal oqibatida telefonlar sotuvchilari X.S., A.A. va J.M.ga pichoq bilan jarohat yetkazib, voqea joyidan yashiringan.