Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-iyul holatiga respublikaning tashqi savdo aylanmasi qariyb 21,6 mlrd dollarni tashkil etdi va 2020 yilning mos davriga nisbatan salkam 2 mlrd dollarga yoki 10,1% ga o‘sdi.

Jumladan, o‘tgan davr mobaynida eksport hajmi 8,1 mlrd dollarga yoki 2,0% ga kamayib, import hajmi 13,4 mlrd dollarga yoki 19,0% ga ko‘paydi. Natijada tashqi savdoda 5,3 mlrd dollar qiymatida passiv balans kuzatildi.

Ta’kidlash joizki, yanvar-iyul oylarida oltinsiz eksport hajmi 35% ga o‘sgan. Biroq import o‘sishi bilan bir vaqtda jami eksport tarkibida oltin eksporti hajmining qisqarishi tashqi savdo passiv balansiga sabab bo‘lgan. O‘tgan davrda mamlakat oltin eksporti hajmi qariyb ikki yarim barobarga (jami eksport tarkibidagi ulushi qariyb 40% dan 17% ga) qisqargan.


2020 yil

2021 yil

O‘sish/kamayish sur’ati, foizda

Tashqi savdo aylanmasi

19 582,2

21 564,0

10,1

Eksport

8 284,0

8 117,5

-2,0

shu jumladan: oltin

3 298,5

1 366,5

-58,0

Import

11 298,2

13 446,5

19,0

Saldo

-3 014,2

-5 329,0

x

Oltinsiz

-6 779,5

-7 225,4

x

Esport (oltinsiz hajm)

4 985,4

6 731,0

35,0

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston dunyoning 174 ta davlati bilan savdo iqtisodiy aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. O‘tgan yetti oy sarhisobiga ko‘ra, tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega mamlakatlar o‘ntaligi quyidagicha (mlrd dollar):

  1. Xitoy — 4,0 (18,7%)
  2. Rossiya — 3,7 (17,3%)
  3. Qozog‘iston — 2,2 (10,3%)
  4. Turkiya — 1,9 (8,7%)
  5. Koreya Respublikasi — 1,1 (4,9%)
  6. Qirg‘iziston — 0,5 (2,4%)
  7. Germaniya — 0,4 (1,9%)
  8. Afg‘oniston — 0,4 (1,9%)
  9. Turkmaniston — 0,4 (1,6%)
  10. Ukraina — 0,3 (1,6%)

20 ta yirik hamkor davlatlar orasidan faqatgina Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkiya bilan faol tashqi savdo balansi kuzatilgan.

Hududlar kesimida tahlil shuni ko‘rsatadiki, eng yuqori ulush — jami tashqi savdo aylanmasining 39,5% qismi (8,5 mlrd dollar) Toshkent shahri hissasiga, eng kam ulush — 1,1% (0,2 mlrd dollar) Surxondaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.

Davlat Statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida «Gazeta.uz» tomonidan tayyorlangan

Yanvar-iyul holatiga MDH davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 8,1 mlrd dollarni (jami tashqi savdo aylanmasining 37,4% i) tashkil etdi. Shundan eksport — 2,7 mlrd dollar, import — 5,3 mlrd dollarga teng.

MDH mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasining eng yuqori hajmlari Rossiya Federatsiyasi (46,3%), Qozog‘iston (27,6%) hamda Qirg‘iziston (6,3%) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yanvar-iyul oylarida jami 5243 ta eksportyor tomonidan 6,7 mlrd dollarlik (oltin eksportidan tashqari) tovar va xizmatlar eksport qilindi. Bu 2020 yilning mos davriga nisbatan 35,0% ga yuqori.

2020−2021 yillar yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston eksporti dinamikasi. Manba: Davlat Statistika qo‘mitasi

Mamlakat eksporti hajmida Toshkent shahri (25,8%) va Toshkent viloyati (14,2%) yetakchilik qilgan. Eng kam ulush Jizzax viloyatida qayd etilgan — 1,4%.

Ma’lum qilinishicha, yanvar-iyul oylarida mamlakat import hajmi 13,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Tovarlar importi dinamikasi tahliliga ko‘ra, yanvar-iyul oylarida mamlakatga import qilingan tovarlar hajmi, 2020 yilning mos davriga nisbatan 2 mlrd dollarga ko‘payib, jami 12,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Xizmatlar importi esa 0,8 mlrd dollarga yetdi.

2020−2021 yillar yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston eksporti dinamikasi. Manba: Davlat Statistika qo‘mitasi

Import hajmining qariyb yarmi — 47,7% i Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Eng kam ulush Surhondaryo viloyatiga tegishli bo‘lib, jamiga nisbatan 0,9% ni tashkil etgan.

Ma’lumot uchun, birinchi chorakda tashqi savdo aylanmasi 2020 yilning shu davriga nisbatan 11,6 foizga kamayib, 7,1 mlrd dollarni tashkil etgan edi. Jumladan, eksport chorak baravardan ko‘proqqa kamayib, 2,4 mlrd dollarni, import esa 1,3 foizga kamayib, 4,7 mlrd dollarni tashkil etgan.

Birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra esa tashqi savdo hajmi 13,6 foizga o‘sib, 18 mlrd dollarga yetdi. Eksport hajmi 7 mlrd dollarga (12,3% ga ko‘paydi) va import hajmi 10,9 mlrd dollarga (14,3% ga ko‘paydi) yetgan. Hisobot davrida — 3,9 mlrd dollar qiymatida passiv tashqi savdo balansi kuzatilgan.