AQSh va O‘zbekiston bir guruh afg‘on uchuvchilarini Doxadagi harbiy bazaga ko‘chirish to‘g‘risidagi kelishuvga erishdi. Bu haqda The Wall Street Journal gazetasi yozmoqda.

Gap qariyb bir oy muqaddam Afg‘oniston havo kuchlarining vertolyot va samolyotlarida O‘zbekistonga uchib o‘tgan afg‘on uchuvchilari haqida ketmoqda. 16 avgust kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 585 qurollangan afg‘on harbiylari bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot mamlakat havo hududini noqonuniy kesib o‘tgani haqida xabar berdi (keyinchalik xabar to‘liq tasdiqlanmagan deyildi). O‘shanda kuzatib borish vaqtida O‘zbekistonning MiG-29 va Afg‘onistonning Embraer 314 samolyotlari to‘qnashib ketgandi.

Avgust oyi oxirida WSJ rasmiy shaxslarga tayanib, O‘zbekiston hukumati AQShni bir guruh yuqori malakali afg‘on uchuvchilari va ularning oilalarini mamlakatdan chiqarib yuborishga to‘g‘ri kelayotganidan ogohlantirgani haqida yozgan edi. Nashr buni «Tolibon» avgust oyi o‘rtasida O‘zbekistonga uchib o‘tgan harbiy samolyot va vertolyotlarni qaytarishni talab qilayotgani bilan bog‘ladi.

Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, uchuvchilar va ularning oilalarini — jami 585 kishini — kelishuv doirasida joriy damolish kunlari (11−12 sentabr) AQShning Doxadagi (Qatar) harbiy bazasiga ko‘chirish ko‘chirish boshlanadi. So‘ngra ular doimiy yashash uchun boshqa mamlakatlarga jo‘natiladi. The Wall Street Journal nashrining yozishicha, hozircha qancha kishining AQShga jo‘natilishi yoki umuman olib ketilmasligi noma’lum.

AQSh Davlat departamenti izoh berishdan bosh tortgan.

46 ta harbiy samolyot va vertolyotlar, jumladan Embraer EMB 314 Super Tucano, UH-60 Black Hawk, MD-530, PC-12 va Mi-17 taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.

sentabr boshida Reuters o‘z reportajida O‘zbekistondagi lagerda bo‘lib turgan hamda AQSh dasturlari doirasida o‘qitilgan afg‘on uchuvchilari va boshqa shaxslar vatanga qaytarib yuborilishlaridan qo‘rqayotganini ma’lum qildi. «Bizni qaytarishsa, 100 foiz aminmanki, bizni o‘ldirishadi», — deya ma’lum qildi uchuvchilardan biri. Reuters lager tasvirlarini ham e’lon qilib, afg‘onlar O‘zbekistonga uchib kelgan samolyot va vertolyotlar modellari haqida xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 7 sentabr kuni «Tolibon» harakati Afg‘onistonning vaqtinchalik hukumati tarkibini e’lon qildi. O‘zbkiston Afg‘onistonda muvaqqat hukumat tuzilganini olqishladi va yangi davlat idoralari bilan «konstruktiv muloqot va amaliy o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini» bildirdi. O‘z navbatida, «Tolibon» vakili Anas Haqqoniy toliblar o‘zbek hukumatining ijobiy munosabatini qadrlashini ma’lum qildi.

O‘zLiDeP saylovoldi s’ezdida prezident Shavkat Mirziyoyev «Afg‘oniston zaminida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga, qo‘limizdan kelgan barcha yordamni ayamaslik»ni ta’kidladi.