COVAX dasturi doirasida Germaniya O‘zbekistonga 356 ming doza AstraZeneca vaksinasini sovg‘a qildi. Bu haqda YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ma’lum qildi.

Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, vaksinalar Germaniya elchisi Tilo Klinner tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshirildi.

«COVAX orqali Germaniya dunyoning 138 mamlakatiga, shu jumladan 92 ta rivojlanayotgan mamlakatga 230 milliondan ortiq vaksina dozasini yetkazib berdi. Vaksinalar ushbu qabul qiluvchi mamlakatlar uchun bepuldir. Bizning maqsadimiz — dunyodagi har bir inson kerakli vaksinani olishi. COVAX — bu bizning COVID-19 ga ko‘p tomonlama va inklyuziv javobimiz. Vaksinalar siyosiy imtiyozlar asosida emas, balki ehtiyojga qarab tarqatiladi», — deya ta’kidladi elchi Tilo Klinner.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, O‘zbekistonga keltirilgan jami vaksinalar soni 22 802 540 dozani tashkil qilmoqda. Ulardan:

  • 460 000 dozasi «Sputnik V»,
  • 1 342 480 dozasi AstraZeneca,
  • 18 000 000 million dozasi ZF-UZ-VAC2001,
  • 3 000 060 dozasi Moderna vaksinasi.

2020 yil iyul oyida Germaniya O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2 million yevro ajratgan edi. 2021 yil iyul oyida Germaniya hukumati tomonidan JSST orqali O‘zbekistonga 3 milliondan ortiq jarrohlik niqoblari yetkazib berilgan. Bundan tashqari, mart oyida COVAX doirasida O‘zbekiston aholisi uchun 600 ming vaksinani yetkazib berishni moliyalashtirdi.

Ma’lumot uchun, Germaniya COVAX doirasida O‘zbekiston va Tojikistonga rivojlanayotgan mamlakatlarga yetkazib berilishi va’da qilingan koronavirusga qarshi vaksinalarni yetkazib berishi kutilayotganligi xabar qilingan edi.