Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev BBC`ga bergan intervyusida amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev hamda saylov jarayonlari haqida fikr bildirdi.

«Gapni ochig‘ini aytganda, hozir prezident Shavkat Mirziyoyevning obro‘yi va xalqning ichida tutgan o‘rni, nafaqat O‘zbekiston ichida, balki xalqaro miqyosda ham uning mavqeyi, ko‘p tadbirlarda ko‘rdik, soxta gaplarni aytmaylik, hozirgi boshqa nomzodlar unga ro‘para keladi degan fikrdan men yiroqman. Buni xolis aytishimiz kerak», — deydi u.

Senatorning fikriga ko‘ra, prezidentning oxirgi 5 yilda qilgan ishlari uning obro‘yi nihoyatda ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan.

«Lekin shu bilan birga men o‘ylaymanki, har bitta siyosiy partiyaning o‘z yondashuvlari bor. Masalan, men o‘ylashimcha, o‘zim biror partiyaning a’zosi emasman, lekin aytaylik Xalq demokratik partiyasida prezident e’lon qilgan ayrim dasturlarga, masalan, xususiylashtirish, 2000 ta davlat tasarrufidagi korxonalarni xususiy egalarga sotish masalasiga, tabiiy ravishda so‘l partiya bo‘lgan Xalq demokratik partiyasi bunga qarshi chiqishi mumkin va qarshi chiqishi kerak, agar ularning siyosiy dovyurakligi, yuragi bo‘lsa, qilish kerak», — deya qo‘shimcha qiladi Sodiq Safoyev.

Uning aytishicha, boshqa partiyalarda ham o‘ziga yarasha so‘z paydo bo‘lyapti.

«Ko‘p partiyalarni o‘zining, Ekologik partiyani aytaylik, axir qanday bizda muammolar paydo bo‘ldi, Markaziy Osiyoda, umuman mintaqada, butun dunyoda. Doimo o‘ylaymanki, bizning ekologik partiya butun dunyoda rivojlanib kelayotgan yashil harakatni bir qismi bo‘lishi kerak», — deydi u.

Sodiq Safoyevning qo‘shimcha qilishicha, «bugungi avlod va kelajak avlod haqida qayg‘uriladigan bo‘lsa, birinchi navbatda boshqa narsa haqida emas, ekologiya haqida gapirish kerak».

«Va bular, albatta, hukumat tomonidan qilinayotgan ishlar noqoniqarligi haqida bong urib gapirishi kerak. Ularda imkoniyat bor, bundan ular qanchalik foydalanadi, bu ularning siyosiy ongi va dovyurakligiga bog‘liq», — deydi Senat raisi o‘rinbosari.

Sodiq Safoyevning fikriga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekistondagi boshqa biror siyosiy arbob to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezident bilan bas kelishi qiyin.

«Lekin bu faqat O‘zbekistonga xos narsa emas. Tarixga qaraydigan bo‘lsak, Yevropa mamlakatlarida ham tan olingan va e’tirof etilgan siyosiy arbob katta nufuzga ega bo‘lganligi tarixda ko‘p bo‘lgan. O‘zbekiston uchun ham shu xos», — deydi u.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari mart oyidagi intervyusida ham prezidentlikka nomzod sifatida faqat Shavkat Mirzyoyevni ko‘rayotganligi haqida aytgan edi. «Ochiqchasiga aytishim mumkin, men Shavkat Miromonovich Mirziyoyevdan boshqa nomzod ko‘rmayapman. Bu inson islohotlarni boshladi, ularning lokomotivi, g‘oyalar generatori. Menimcha, unga keyingi muddatga yangi mandat berish O‘zbekiston kelajagi uchun hayotiy ahamiyatga ega», — degandi u.

Oldinroq Sodiq Safoyev muxolifat jamiyat barqaror rivojlanishining asosiy faktorlaridan biri ekanligini ta’kidlagani haqida xabar berilgan edi. Uning fikricha, bugun O‘zbekiston jamiyati muxolifat bo‘lishidan manfaatdor.