«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi bilan prezidentlik saylovlarida yagona nomzod ko‘rsatish masalasini muhokama qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida yozdi.

«Mustaqil Sud hokimiyatini yaratish, Tergov qo‘mitasini tashkil qilish va Jazoni ijro etish muassasalarini Adliya vazirligiga o‘tkazishdek muhim o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun avvalambor saylovchilar ishonchiga erishish kerak», — dedi Alisher Qodirov.

«Ko‘rinib turibdiki, bu mavzularga qarashlarda adolatchilar bilan o‘xshashliklar bor. Buni hech yomon tomoni yo‘q, — deya ta’kidladi u. — Bu mavzular «Milliy tiklanish»ning o‘tgan parlament saylovlaridagi dasturida ham bo‘lgani uni ko‘chirib olinganligi haqidagi gaplarning noto‘g‘ri ekanligini tushunish uchun yetarli».

«Qolaversa, biz ustuvor vazifa sifatida belgilagan tarbiya va ta’lim sohasidagi takliflarimiz „Adolat“ nomzodining dasturida takrorlanganini ko‘chirish emas, hamfikrlik deb qabul qilamiz», — deya qo‘shimcha qildi partiya yetakchisi.

«Men bu hamfikrlikni imkoniyat sifatida baholayman. Agar, „Adolat“ nomzodi ushbu tashabbuslarning amalga oshishidan manfaatdor bo‘lsa, Prezidentlik saylovida partiyalarimizning bitta nomzod ko‘rsatishi masalasini muhokama qilishga tayyorman», — taklif qildi Alisher Qodirov.

«Xalqimiz bizdan g‘oyalarning muallifini aniqlash emas, O‘zbekistonni o‘zgartirishni talab qilmoqda», — deya o‘z fikriga xulosa yasadi.

Sentabr boshida «Adolat» partiyasi o‘z saylovoldi dasturini taqdim etgan Alisher Qodirovni g‘oyalarni «Adolat»ning 2019 yilgi saylovoldi dasturidan ko‘chirganlikda ayblagan edi.

Adolat o‘z bayonotida «Milliy tiklanish» dasturiga nisbatan uchta raddiya keltirib o‘tgan edi:

  1. Jinoiy, ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy sudlarni birlashtirish. «Xo‘sh, hurmatli „Milliy tiklanish“ lideri hozirda viloyat miqyosida har to‘rttala sudning birlashtirilgani, ayni paytda, sudlarni tumanlar kesimida birlashtirish jarayoni ketayotganini bilarmikin?», — deyiladi bayonotda.
  2. Jazoni ijro etish muassasalarini Ichki ishlar vazirligidan Adliya vazirligiga o‘tkazish. ««Adolat» SDP 2019 yil saylovoldi dasturida bu masalani ustuvor vazifalardan biri sifatida o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan va bu borada «MT»dan ko‘mak olish niyatida emas», — deyiladi bayonotda.
  3. Mustaqil tergov qo‘mitasini tuzish. Yagona tergov organini tuzish «Adolat» SDPning amaldagi saylovoldi dasturida ko‘zda tutilgan va u «bu tashabbusni «MT»ga hadya qilgan yoki bu borada qat’iy pozitsiyasidan chekingan emas», — ma’lum qildi «Adolat».

Ta’kidlanishicha, ko‘p partiyaviylik tizimida har bir siyosiy partiya o‘z so‘ziga ega bo‘lishi juda muhim. «Chunki jamiyatda, omma ongida qarashlar turlicha bo‘lib, xalq shunga hamohang ravishda o‘z siyosiy didi, maqsad-muddaolari aks etgan siyosiy kuchni qo‘llab quvvatlaydi, ortidan ergashadi. Shak-shubha yo‘qki, barchamizning maqsadimiz bir — Vatan obodligi, yurt tinchligi, erkin va farovon hayot. Ammo ana shu maqsadga erishish uchun har birimiz o‘zimizga xos yo‘lni tanlaganmiz. Tabiiyki, yo‘lini topolmay adashib yurganlar ham bor. Ularga ko‘maklashishni burchimiz, deb bilamiz», — deydi «Adolat» SDP.

Bundan tashqari, «Adolat» partiyasining qurultoyi yakunida Bahrom Abduxalimov «Gazeta.uz» muxbiri savollariga javob bera turib, Milliy tiklanish partiyasi bilan mojarolarga izoh bergan edi. Bahrom Abduxalimov partiya «maqolasida yozgan faktlardan orqaga qaytmasligini» aytib, Alisher Qodirovni ko‘chirmakashlikda ayblayotganini yana bir bor tasdiqladi. «Debatni Alisher Qodirov bilan ham kutish mumkin», — degan edi o‘shanda Abduxalimov.