11 sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan Qodirov Alisher Keldiyevich va O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Oblomuradov Narzulla Naimovich O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlar etib ro‘yxatga olindi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabariga ko‘ra, prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari qonun talablariga mosligi ekspertlik guruhlari tomonidan tasdiqlangan.

«Bugungi majlisda shuningdek, guvohnomalarni tasdiqlab oldik, tez kunlarda ro‘yxatga olingan nomzodlarga ushbu guvohnomalarni topshiramiz», — dedi MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov.

«Milliy tiklanish» va Ekologiya partiyalari o‘z nomzodlarini qo‘llab-quvvatlovchi imzolarni 8 sentabr kuni MSKga torshirgan edi.

«Milliy tiklanish» partiyasidan Alisher Qodirovni qo‘llab-quvvatlovchi jami 287925 nafar saylovchining imzosi to‘plangan.

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Narzulla Oblomurodovni qo‘llab-quvvatlovchi imzolar soni esa jami 231210 tani tashkil etgan.

Ikkala partiya ham O‘zbekiston jami saylovchilarining umumiy sonining (21 266 011 nafar) kamida 1 foizi (212 660 ta) miqdorida imzolarni MSKga torshirgan.

Imzolarni to‘plash va imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshirish tartibiga oid nizomning 14, 15-bandlariga asosan 212 660 ta imzoga nisbatan 15% imzolar, ya’ni 31 899 tasidan har bir ma’muriy-hududiy tuzilmadan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahridan) teng nisbatda ya’ni 2 279 tadan tekshirish uchun tanlov asosida ajratib olingan. Tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, ekspertlik guruhlari ijobiy xulosa bergan.

Eslatib o‘tamiz, saylovoldi targ‘ibot va tashviqot ishlari 20 sentabrdan boshlanadi.

Avvalroq, Nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari kimlar tomonidan qanday tekshirilishi haqida batafsil yozgan edik.