AQSh Maxfiy xizmati o‘zining Twitter`dagi sahifasida 2001 yil 11 sentabrdagi fojianing avval e’lon qilinmagan suratlarini namoyish etdi.

Bugun AQShda Al-Qoida terroristik guruhi tomonidan sodir etgan teraktларга 20 yil to‘ldi. O‘sha kuni erta tongda jami 19 terrorchidan iborat 4 ta guruh yo‘lovchi avialaynerlarni qo‘lga olgan edi.

Har bir guruh kamida boshlang‘ich uchish ko‘nikmalariga ega bir nafardan a’zoga ega bo‘lgan. Ular Nyu-Yorkdagi Manxettenning janubida joylangan Jahon savdo markazi minoralariga qarata ikkita samolyotni yo‘naltirgan. American Airlines reysi Jahon savdo markazining birinchi (shimoldagi) binosiga, United Airlines reysi esa JSMning ikkinchi binosi (janubdagi) binosiga borib uriladi. Buning oqibatida ikki bino ham qulab, yon atrofdagi binolarga jiddiy zarar yetkazadi.

Uchinchi samolyot (American Airlines reysi) esa Vashingtondan uzoq bo‘lmagan Pentagon binosiga yo‘naltirilgan. To‘rtinchi havo laynerining (93 United Airlines reysi) ekipaji va yo‘lovchilari terrorchilardan samolyot boshqaruvini olib qo‘yishga harakat qilishgan, natijada samolyot Pensilvaniyadagi maydonda qulagan.

11 sentabr fojiasi oqibatida terrorchilardan tashqari 2977 kishi halok bo‘lgan.

AQSh Maxfiy xizmati sobiq direktori Brayan Stafford va uning rahbarligidagi Inqiroz markazi boshqaruv a’zolari. 2001 yil 11 sentabr.


Maxfiy xizmat direktori yordamchisining o‘rinbosari Frenk Larkin (chapda) prezident Jorj Bushni voqea markaziga kuzatib bormoqda, 2001 yil 14 sentabr. Oq uy tomonidan olingan suratni Frenk Larkinning otasi taqdim etgan.

Maxfiy xizmat xodimi tomonidan sovg‘a qilingan fotosuratlarda esa epitsentr yaqinidagi hududni qayta tiklash ishlari qanday ketayotganini ko‘rish mumkin.



Ushbu suratlar oldin hech qayerda e’lon qilinmagan. Unda Maxfiy xizmatning Nyu-Yorkdagi ofisi avtoturargohida zirxlangan limuzinlarning terakt oqibatida zarar yetgan holatini ko‘rishingiz mumkin.



Fojia sodir bo‘lgandan keyingi surat.

Avvalroq, AQSh Adliya vazirligi hukumat tomonidan maxfiylashtirilgan 2001 yil 11 sentabr voqealari bilan bog‘liq hujjatlarni qayta ko‘rib chiqadi. Bu haqda mamlakat prezidenti Jo Bayden aytib o‘tdi. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, uning ma’muriyati «qonun doirasida maksimal darajada oshkoralik"ka sodiqdir. Bu borada, AQSh rahbari Adliya vazirligining maxfiylashtirilgan hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish bo‘icha qarorini olqishlayotganini ta’kidladi.

Unga qadar, 1,8 mingga yaqin amerikaliklar, shu jumladan 11 sentabr voqealarida qurbon bo‘lganlarning qarindoshlari Baydenga maktub yo‘llab, voqeaning siri oshkor qilmaguncha, prezidentni fojianing 20 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda qatnashmaslikka chaqirishdi. Murojaat mualliflari bu hujjatlarda Saudiya Arabistoni rahbarlarining voqeaga aloqadorligini isbotlovchi dalillar borligiga ishonishmoqda. Bundan tashqari, amerikaliklar Bayden prezidentlikka nomzod bo‘lganida, bu borada iloji boricha ko‘proq ma’lumotlarni oshkor qilishga va’da berganiga e’tibor qaratishdi.