10 sentabr kuni, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilishda gumon qilingan 29 nafar ayol qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda IIV axborot xizmati.

Qo‘lga olingan shaxslar Jinoyat Kodeksining 159- (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 244−2-moddalari (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida hozirda qidiruvda bo‘lgan «Hizb-ut Tahrir» diniy ekstremistik tashkiloti a’zolari — L. Umarova (1970 y.t.) va M. Saydaminova (1974 y.t.) bilan internet tarmog‘i va turli ijtimoiy messenjerlar orqali aloqa qilgan.

Xabarda qayd etilishcha, mazkur shaxslar ko‘rsatmalari asosida aholi orasida tashkilot g‘oyalarini targ‘ib qilish va tashkilot safini kengaytirish bilan shug‘ullanib kelgan Toshkent shahrining Shayxontohur, Uchtepa, Olmazor, Sirg‘ali va Yakkasaroy tumanlari, shuningdek, Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent va Qibray tumanlarida yashovchi 29 nafar «Hizb-ut Tahrir» ekstremistik tashkilotining «Ayollar qanoti» jamoasi a’zolari hisoblanishgan.

«Mazkur ayollarning yashash manzillarida va uyali aloqa vositalarida ekstremistik mazmundagi materiallar mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi. Hozirda ushbu ayollarning noqonuniy xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va ularni javobgarlikka tortish maqsadida tergov-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda», — deyiladi xabarda.