Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev oktabrdagi prezidentlik saylovlari va unda ishtirok etuvchi partiyalar haqida fikr bildirdi. U bu haqda BBC`ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Bu yilgi saylovlar hozirdanoq ko‘rinib turibdi, avvalgi saylovlardan farqi shu bo‘ladiki, bizda asta-sekin partiyalar o‘zgarmoqda. Men Senat a’zosi sifatida partiya rahbarlarining har biri bilan uchrashganman, ularning faoliyatini kuzatib boraman. Aytish mumkinki, hozirgi partiyalarda intilish bor, o‘zining yonashuvini, dunyoqarashini belgilash, birinchidan, boshqa partiyalarga nisbatan o‘zining takliflarini shakllantirishi ko‘rinib turibdi», — deydi u.

Sodiq Safoyev partiyalarning har birining so‘zi borligi ko‘rinib turganligini ta’kidladi.

«Lekin bu to‘laqonli emas, hammamiz tushunamiz. Siyosiy partiyalarning faollashuvi bu inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqat. Ikkinchidan, har bir partiyaning hukumat, hukumat rahbariga tanqidiy yondashuvini ham biz ko‘rib turibmiz. Ular parlament majlislarida ham o‘z fikrini aytmoqda, saylovoldi dasturlarida ham aniq takliflari bor», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Senat raisi o‘rinbosari «Haqiqat va taraqqiyot» sotsial-demokratik partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagani haqida ham fikr bildirdi.

«O‘sha partiya kerak bo‘lgan 20 ming ovozdan ikki baravar kamrog‘ini yig‘gan. Hech kim ularga imtiyoz berib, agar qonunni bajarmagan bo‘lsa, „mayli“, deb ko‘z yumolmaydi. Qonun bu qonun. Qonunni bajarish kerak. Hech kim tabiiy muxolifatni o‘zi tuzib bermaydi, u tabiiy kelishi kerak. Men o‘ylayman, bu jarayonlar boshlangan, hukumat uchun, parlament uchun, jamiyatimiz uchun eng muhimi mana shunday ichki muxolifatimiz tabiiy ravishda vujudga kelishi, rivojlanishi uchun qonuniy va tashkiliy imkoniyat yaratib berilishi kerak», — deydi u.

Sodiq Safoyev muxolifat — bu qandaydir «qulay, yengil tozalaydigan narsa» emasligini, muxolifat — doimo kurash ekanligini ta’kidladi.

«Men o‘ylaymanki, bugun O‘zbekistonda hamma tushunadi, muxolifat — bu jamiyatning barqaror rivojlanishining asosiy faktorlaridan biri. Busiz, tanqidsiz ya’ni, aytaylik, qandaydir bir alternativ fikrlarsiz, jamiyat rivojlana olmaydi. Men shuni aytishim kerakki, bugun O‘zbekistonning jamiyati muxolifat bo‘lishidan manfaatdor. Muxolifat qonuniy va qonun talabiga rioya qilgan, bugun hech kim muxolifatni qo‘poruvchi kuch sifatida tan olmaydi va kimdir shunday qilsa, bu noto‘g‘ri. Biz hammamiz birgalikda OAVda ham, parlamentda ham, jamoatchilik shu tizimli muxolifatni barpo etish ustida ishlashimiz kerak va unga sharoit yaratishimiz kerak. Bu so‘zsiz qabul qilinadigan aqida», — deydi.

Sodiq Safoyev «eski aqida»ni eslatib o‘tdi — «hokimiyat berilmaydi, hokimiyat uchun kurashish kerak». Uning fikricha, bu yerda imkoniyat bo‘lishi kerak, «ya’ni muxolifatga qarshi tazyiq yoki g‘ayriqonuniy harakatlar bo‘lishi kerakmas».

«Lekin muxolifat ham siyosiy ongi, siyosiy faolligi, siyosiy dovyurakligi orqali jamiyatda o‘z o‘rnini topishi kerak. Eng muhimi, biz hammamiz bunga qarshi eski, almisoqdan qolgan, Sovet vaqtidan qolgan usullar bilan qarshilik ko‘rsatishimiz kerak emas, imkoniyatlarni yaratish kerak. Muxolifat har bir jamiyat uchun muhim narsa. Muxolifat bormi yo‘qmi? Bor, ommaviy axborot vositalarini olaylik, bu nihoyatda muhim muxolifat bugun. Hokimiyatni, prezidentni, parlamentni har bir harakatiga ular baho beryapti», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Eslatib o‘tamiz, Adliya vazirligi «Haqiqat va taraqqiyot» sotsial-demokratik partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etgan edi. Vazirlik arizalar va ilova hujjatlari tegishli qonun talablariga rioya qilinmagan holda taqdim qilinganligini ta’kidlagan edi. O‘zbekistonda partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 20 ming fuqaro imzosi talab qilinsa, «Haqiqat va taraqqiyot» partiyasi 9,8 ming imzo yig‘gan.