Roodell kompaniyasi O‘zbekistonda «yaqin vaqtlarda» Renault avtomobillari savdosini boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Dastlab uchta model — Arkana va Kaptur krossoverlari hamda Duster yo‘ltanlamasini sotuvga chiqarish mo‘ljallangan.

«Biz barcha hujjatlarni imzolashni yakunlash arafasidamiz. Shtab-kvartiradan yakuniy axborot bo‘lishi bilan e’lon qilamiz», — deya ma’lum qildi Roodell vakili.

«Gazeta.uz» Jizzaxdagi ADM-Jizzakh zavodida LADA va Renault avtomobillarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi. Investitsiya dasturiga ko‘ra, loyihaviy quvvati yiliga 100 ming dona avtomobilni tashkil etadi. Loyiha 60,9 mln dollarga baholangan bo‘lib, uning 33,3 mln dollarini 2021 yilda o‘zlashtirish belgilangan.

Spot nashrining yozishicha, Renault Group Lada rusumli avtomobillarni yetkazib berish bilan O‘zbekiston bozoriga kirib kelgan. Bozorda Lada va Kia avtomobillarini sotishni yo‘lga qo‘ygan Roodell uning mahalliy hamkori hisoblanadi.

Rossiyada Arkana narxi 1,28 mln rubldan ($17,6 ming), Kaptur — 1,2 mln rubldan ($16,5 ming), Duster — 1,01 mln rubldan ($13,9 ming) boshlanadi.