10 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston paralimpiya terma jamoasi a’zolari, sportchilarning ota -onalari va murabbiylari bilan uchrashdi. «Gazeta.uz» muhbiri xabar berishiga ko‘ra, uchrashuvda davlat rahbari Tokioda bo‘lib o‘tgan yozgi Paralimpiya o‘yinlarida terma jamoaning chiqishlari yakunlari bo‘yicha so‘z yuritdi va paralimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha keyingi chora -tadbirlar haqida gapirdi.

O‘zbekiston Paralimpiya o‘yilarida 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ularda 19 ta medalning 11 tasi sportchi qizlar tomonidan qo‘lga kiritilganini davlat rahbari «tariximizda misli ko‘rilmagan voqea» deb atadi.

O‘zbekiston terma jamoasi 160 dan ziyod davlatlar o‘rtasida -16, Osiyo qit’asida hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida- 4, Markaziy Osiyoda esa — 1 o‘rinni egalladi.

Shavkat Mirziyoyev paratletchilar va ularning ustozlari — Alfiya Ibrohimova, Bobur Qo‘ziyev, Sardor Abduxoliqov, Azizjon Normatov, Shamsiddin Saidov, Mavlonbek Haydarov va Grigoriy Kamulga hamda sportchilarning ota -onalariga minnatdorlik bildirdi.

«Men ushbu taqdirlash marosimiga ustozlaringiz bilan birga ota-onangizni ham chaqirdim. Bilasizmi, ota-ona uchun eng katta baxt — bolasining kamolini ko‘rish. O‘zingiz ham ota-ona bo‘lganingizda yaxshiroq tushunasiz. Men sizdek farzandlarni tarbiyalaganlari uchun ularga ta’zimdaman va minnatdorman», — dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi og‘ir pandemiya sharoitida bunday katta yutuqlarga erishish oson bo‘lmadi.

«Musobaqaning dastlabki kunlarida Tokio shahrida 25 nafar sportchimizga nisbatan qattiq karantin talablari qo‘llangani ham, jiddiy muammolar tug‘dirdi.O‘z yo‘nalishlarida g‘oliblikka asosiy da’vogar hisoblangan Lobar Xurramova, Sevinch Salayeva, Vasila Aliboyeva singari dzyudochi qizlarimiz shunday sabablar tufayli, bahslarda ishtirok eta olmadilar», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev musobaqada qatnashib, sovrindor bo‘lolmagan sportchilarga ham dalda berdi.

«G‘olib bo‘lmasangiz ham ushbu musobaqada matonat bilan qatnashganingiz uchun rahmat aytaman. Bugun bo‘lmasa, Parijda albatta bo‘ladi!», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev yengil atletikachi qizlar — Nozimaxon Qayumova, Mohigul Hamdamova, Sofiya Burhonova hamda raqibalari orasida eng yosh bo‘lgan taekvondochi Guljonoy Naimovaga alohida tashakkur aytdi.

«Guljanoyning musobaqasini tashvish va hayajonda televizorni o‘chirib-yoqib ko‘rdim. Bu juda katta g‘alaba bo‘ldi», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, Paralimpiada g‘oliblari va sovrindorlariga pul mukofotlari, mashinalar va Toshkentda kvartiralar topshiriladi. Oltin medal sohiblariga prezident nomidan poytaxtdan Tahoe avtomashinalari va uch xonali kvartiralar topshirildi. Vitse-chempionlarga Traverse avtomobillari va ikki xonali kvartiralar, bronza medal sohiblariga Trailblazer avtomashinalari va bir xonali kvartiralarning kalitlari topshirildi. Medal olgan sportchilarga oltin medal uchun 200 ming dollar, «kumush» va «bronza» uchun mos ravishda 100 ming va 50 ming dollar mukofot puli ham bor.


Prezidentning ta’kidlashicha, Parijda 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan Paralimpiadaga bugundan boshlab tizimli tayyorgarlik ko‘rishni boshlash va stol tennisi, qilichbozlik, kamondan otish, velosport, ot sporti va badminton bo‘yicha litsenziyalarni qo‘lga kiritish kerak.

«Bo‘lg‘usi Paralimpiya o‘yinlariga puxta hozirlik ko‘rish uchun, xorijiy mamlakatlardan eng tajribali mutaxassis va murabbiylarni jalb qilamiz. Shu bilan birga, joylarda jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarimiz o‘rtasida, para-limpiya harakatini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqib, amalga oshirishimiz zarur», — deya qayd etdi davlat rahbari.

Bundan tashqari, para-sport turlari bo‘yicha iqtidorli atletlarni saralash va ularning zaxirasini shakllantirish tizimini takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Sport ta’limi maskanlarida tegishli o‘qitish dasturlari va metodikasini joriy qilish bilan birga, ularda paralimpiya bo‘limlarini tashkil etib, qo‘shimcha kvotalar ajratish rejalashtirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev ikki oy muddatda sport maktablarida jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus guruhlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish vazifasini qo‘ydi. Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi bilan hamkorlikda, joylarda seleksiya ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish vazifasi ham belgilandi.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, Milliy paralimpiya qo‘mitasi qoshida paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti faoliyatini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, respublikada qishki sport turlarini ham rivojlantirish maqsadida, paralimpiya qishki sport turlari bo‘yicha kelgusi yillarda xalqaro musobaqalarda sportchilarimizning ishtirokini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda. Buning uchun «Amirsoy» tog‘-chang‘i sport majmuasi hamda «Humo-Arena» muz saroyi bazalarida para-limpiyachilar uchun sharoit yaratish vazifasi belgilandi.

Shavkat Mirziyoyev Milliy paralimpiya qo‘mitasining para-sport bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylarni keng jalb etgan holda, Qo‘mita tarkibida «Matonat maktabi»ni tashkil etish taklifini bildirdi.

«O‘zining yuksak irodasi va matonatini namoyish etib kelayotgan sizlar kabi yoshlarimiz bu maktabning yetakchi vakillari sifatida faoliyat olib borsalar,ayni muddao bo‘lardi», — dedi prezident.

Davlat rahbari paratletlardan ta’lim maskanlarida, mehnat jamoalarida, ayniqsa, mahallalarda yoshlar bilan uchrashib, o‘z hayotlari, mashaqqatli yo‘llari, qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tayotgani haqida so‘zlab berishini so‘radi.

«Ular albatta, sizlarga ergashadi. Afsuski, hozirgi vaqtda yoshlar orasida hayotda ozgina to‘siq yoki qiyinchilikka uchrasa, o‘zini yo‘qotib, umidsizlikka tushib qoladigan, nojo‘ya yo‘llarga kirib ketadigan yigit-qizlar ham yo‘q emas. Yaxshisi ham, yomoni ham mening bolalarim. Ularga men javobgarman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.