Tokioda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev 109 kg vazn toifasida 1-o‘rinni egallab, oltin medal sohibi bo‘lgan edi. U siltab ko‘tarish va umumiy ko‘rsatkich bo‘yicha Olimpiada rekordini o‘rnatdi. Sportchining murabbiyi Bahrom Mendibayev unga qanday motivatsiya berganligi, murabbiyning oliy maqsadi va keyingi rejalari haqida gapirdi.


— Qanday qilib murabbiy bo‘lgansiz va nega murabbiy bo‘lishni xohlagansiz?

— O‘zim ham og‘ir atletikachi bo‘lganman, xalqaro toifadagi sport ustasiman. Bir necha bor O‘zbekiston chempioni, Osiyo chempionatlari sovrindori bo‘lganman. 2012 yilgi London olimpiadasida ham sportchi sifatida ishtirok etganman. 2012 yilning oxiri — 2013 yilning boshida tizzadan jarohat olgach, murabbiylik sohasiga o‘tishga qaror qilganman. Ma’lum vaqt terma jamoaning murabbiylaridan biri bolgariyalik Yordan Ivanovning yordamchisi sifatida faoliyat yuritganman. Keyinroq terma jamoada murabbiylik faoliyatida ish boshlaganman.

— Murabbiy bo‘lmaganingizda, nima bilan shug‘ullanardingiz?

— Bu haqida o‘ylab ko‘rmaganman. Bilmadim, maktabda o‘qituvchi bo‘larmidim yoki biror organ xodimimi… Lekin sportni tanlaganimdan hech qachon afsuslanmayman.

— Sportchilar murabbiylari bilan ko‘p vaqt o‘tkazishadi. Murabbiyni oilaning bir a’zosi deyishadi. Rostdan ham shundaymi?

— Albatta! Chunki biz sportchilar bilan 24 soat davomida birga bo‘lishimiz mumkin, ayniqsa, o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida. Ular ota-onasidan ham ko‘ra biz bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishadi. Sportchilar uylariga borishsa faqat 1−2 kunga borishadi. Biz ularga ham murabbiy, ham o‘qituvchi, ham tarbiyachi sifatida yordam beramiz. Bir oila bo‘lib qolganmiz, hammamiz bir-birimizni yaxshi tushunamiz.


— O‘z shogirdlaringizga qanday qadriyatlarni singdirishga harakat qilasiz? Buni qanday amalga oshirasiz?

— Sportchilarga eng avvalo nima bo‘lgan taqdirda ham insoniylik qadriyatlarini yo‘qotmaslikni uqtiramiz. Sportchi qayerda bo‘lmasin, har qanday sharoitda ham o‘zligini yo‘qotmaslikni uqtirib kelamiz. Biz bu yerda butun jamoa bo‘lib ishlaymiz. Yotoqxonadagi, oshxonadagi va tibbiyot xodimlari, xullas federatsiya rahbariyatidan tortib barcha-barchasi sportchilar uchun bir jamoa bo‘lib ishlaymiz. Shu orqali yuqori natijalarga erishamiz, deb o‘ylayman.

— Sizning shogirdlaringiz qanday qoidalarga rioya qilishi kerak? Ushbu qoidalar qanchalik qat’iy?

— Birinchi navbatda, sportchi bo‘lish uchun tartib-intizomga bo‘ysunish kerak. Shunday qilsa, albatta, natijaga erishiladi. Agar sportchi rejimni buzadigan bo‘lsa, ular bilan ishlashni to‘xtatamiz. Lekin qoidalarimiz juda ham qat’iy ham deb bo‘lmaydi.

Har bir sportchi mashg‘ulotda ko‘p kuch yo‘qotadi va buning o‘rnini to‘ldirish kerak bo‘ladi. Ovqatlardan tashqari vitaminlar ham beriladi. Ertalab badantarbiyaga kelgan vaqtda har bir sportchining vaznini ko‘ramiz va uni kunlik yozib boramiz. Ertalabki birinchi mashg‘ulot, tushlik vaqti dam olishi, keyin ikkinchi mashg‘ulot — barchasini yozib boramiz. Bizning jamoada tartib-qoidani buzadigan sportchi yo‘q. Masalan, Olimpiada chempioni Ruslan Nuritdinov jamoada yoshi eng kattasi bo‘lsa-da, u ham tartibga bo‘ysunib, mashg‘ulotlar olib boradi.


Ovqatlanishga katta e’tibor qaratiladi. Diyetologlarimiz har bir vazndagi sportchiga qanchadan kilokalloriya kerak bo‘lishini hisoblashadi. Ba’zi sportchilar vazn olishi kerak, ba’zilari esa vazn tashlashi kerak. Ertalab asosan tuxum, qazi, ikra, qisqasi, kuch beradigan mahsulotlarga ko‘proq e’tibor beriladi.

— G‘alaba qozonish uchun sportchi qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak?

— G‘alaba qozonish uchun eng avvalo Allohdan berilgan iste’dod bo‘lishi kerak. Iste’dod bo‘lsa ham uning ustida ko‘proq ishlash, mehnat qilish kerak. Mehnatsiz hech qanday natijaga erishib bo‘lmaydi. Mashg‘ulot jarayonida eng ko‘p mehnat qilgan sportchi musobaqada, albatta, yutadi.

— Sportchida chempionni darhol payqash mumkinmi yoki bu vaqt davomida bilinadimi? Chempion bo‘lish uchun yuksak iste’dod sohibi bo‘lish kerakmi yoki sportchi mehnatkash bo‘lishi muhimroqmi?

— Og‘ir atletika sport turida sportchilarni yoshligida tanlayotganda ularning oyoq, bel va mushaklariga e’tibor beramiz. Ba’zi sportchilar yoshlikdan tabiiy baquvvat bo‘ladi. Aynan shundaylardan yaxshi og‘ir atletikachi chiqadi. O‘rtacha sportchilar ham bo‘ladi, nimjonroqlari. Lekin ular natija berishi uchun ko‘proq mehnat talab qilinadi. Iste’dodli sportchiga to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatilsa, tezroq natijaga erishsa bo‘ladi.

— Shogirdlaringiz sizni qanday murabbiy deb ta’riflashadi?

— Meni «qattiqqo‘l murabbiy» deyishlari mumkin. Buni sportchilardan so‘rash kerak (kuladi).

— Murabbiy sifatida shogirdingizga o‘zining eng yaxshi iqtidorlari va qobiliyatlarini ochishga qanday yordam berasiz?

— 2016 yilda Akbarni birinchi murabbiyi Farhod Mirzajonov bizning oldimizga olib kelgan edi. U vaqtda Akbar terma jamoa a’zosi ham emas edi. Biz esa uni terma jamoadagi sportchilar yoniga qo‘shib qo‘ydik. O‘smirlar, yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatlariga chiqdi. 2018 yilda biz uni kattalar terma jamoasiga qabul qilib oldik. Kattalar jamoasida ham o‘zini yaxshi ko‘rsatdi. Tokio olimpiadasiga bo‘lgan yo‘lda necha yil mehnat qilgan bo‘lsa ham birorta mashg‘ulotni qoldirmasdan, berilgan topshiriqlarni hammasini bajardi. Akbar o‘zining mehnati evaziga shunday natijaga erishdi, deb ayta olaman.


2019 yilgi Jahon chempionatida Akbar siltab ko‘tarishda 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Akbar guruhidagi sportchilar orasida eng yoshi edi. O‘sha musobaqadan boshlab biz Akbarga ish rejasi tuzib, uni Olimpiadaga tayyorladik.

— Hal qiluvchi ko‘tarishdan oldin Akbarга qanday motivatsiya berdingiz?

— Men unga «shuncha vaqt tayyorgarlik ko‘rdik, mana shu sening hal qiladigan „podxoding“. Sen buni mashg‘ulotlarda ko‘tara olgansan, bu safar ham shu ishni qil», deganimdan keyin Akbar bu ishni uddaladi.

Professor Abdullajon Begmatov, terma jamoa psixologi:


— Sportchilar orasida Akbar bilan eng kam ishladik. Chunki uning psixikasi barqaror. Boshqa sportchilar ertalab yaxshi kayfiyatda bo‘lsa, peshinga borib kayfiyati o‘zgarib qoladi. Unda doim barqaror. Sal narsaga kayfiyatini buzish yoki ko‘tarish ham qiyin.

— Akbar yakunda g‘alaba qozonganida nimalarni his qildingiz?

— Olimpiadadan avval Toshkentda Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. O‘sha musobaqada Akbar 2-o‘rinni oldi. U ko‘tarayotgan kilogrammlardan biz uning Olimiya o‘yinlarida kuchli uchlikka kirishini bilardik.

Akbar Jo‘rayev. Foto: MOQ.

Murabbiy uchun eng oliy maqsad — shogirdi Olimpiadada medal olishi. Bir so‘z bilan aytganda, «uddaladik!», deganman. O‘sha vaqtda hayajonda edim.

— G‘alaba va mag‘lubiyat — juda ehtirosli onlar. Ehtiroslarni qanday jilovlash mumkin?

— G‘alaba-ku o‘z yo‘liga, lekin undan keyin sportchi yulduzlik kasaliga chalinmasa bo‘ldi. Sportchini g‘alabagacha olib kelish yaxshi, lekin undan keyin sportchini ushlab qolish qiyinroq. Murabbiylar o‘sha vaqtda unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatsa, sportchi keyingi bosqichda ham o‘z so‘zini ayta oladi.

— Endilikdagi rejalaringiz qanday?

— Oldimizda musobaqalar bor. Kuzda katta yoshli sportchilar o‘rtasida Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Hozir jamoamiz o‘sha musobaqaga tayyorgarlik ko‘ryapti. Unda Olimpiadada ishtirok etmagan sportchilar ham ishtirok etishadi. Kelasi yili esa Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu musobaqada ham yaxshi natijalar qayd etishga harakat qilamiz.

Akbar bilan Olimpiada vaqtida ham gaplashdik. Unga «Akbar, oldinga qo‘yilgan vazifani bajarding, endigi navbat 2024 yildagi Parij olimpiadasida ham oltin medalni qo‘lga kiritish kerak va ikki karra Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lish kerak», dedik.

Oldinroq «Gazeta.uz» taekvondochi Ulug‘bek Rashitov hamda bokschi Bahodir Жалоловнинг murabbiyлари Pavel Xan va Rahmatjon Ro‘zioxunov bilan intervyularni e’lon qilgan edi.